TOShKENT, 6 okt — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya shaharsozlik, uy-joy fondini renovatsiya qilish sohalarida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida kelishib olindi.
Uchrashuv Rossiya hukumatining Muvofiqlashtirish markazida bo‘lib o‘tdi. Ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Mirziyoyev uchinchi Hududlararo hamkorlik forumi muvaffaqiyatli tashkil etilgani va o‘tkazilgani, uning yakunida ikki mamlakat hududlari o‘rtasida 3,5 milliard dollarlik hujjatlar imzolanganini olqishladi.
Tovar ayirboshlash sur’atini saqlab qolish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha ishlarni samarali muvofiqlashtirish uchun qo‘shma Ishchi guruhi tuzilgan.
Raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalarida hamda O‘zbekistonda elektron savdoni joriy qilish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ikki mamlakat hududlarining amaliy sherikligini yanada rivojlantirish va uni aniq loyihalar bilan boyitish uchun keng imkoniyatlar borligi qayd etildi.
Shaharsozlik, uy-joy fondini renovatsiya qilish sohalarida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida Mirziyoyev Mishustinni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.