Davlat daromadiga olingan mol-mulklar “E-auksion shop” orqali sotiladi

Savdoda ishtirok etish uchun zakalat puli mol-mulk boshlang‘ich narxining 5 foizi miqdorida belgilanadi
Sputnik
TOShKENT, 6 okt — Sputnik. O‘zbekiston hukumatining 4-oktabrdagi qarori bilan “Davlat daromadiga olingan mol-mulklarni soddalashtirilgan auksion tamoyillari asosida “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni orqali sotish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom bilan davlat daromadiga olingan mol-mulklarni (oziq-ovqat mahsulotlari, avtomototransport, ko‘chmas mulk va qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa mulkiy huquqlar bundan mustasno) soddalashtirilgan auksion tamoyillari asosida “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni orqali sotish tartibi belgilandi.
Savdoda ishtirok etish uchun buyurtmachi (Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro burosi va uning hududiy tuzilmalari tomonidan tanlab olingan savdo tashkilotlari hamda “Bojxona-servis” davlat muassasasi yoki uning hududiy bo‘limlari) va ishtirokchi savdo platformasida ro‘yxatdan o‘tadi.
Savdoda ishtirok etish uchun zakalat puli mol-mulk boshlang‘ich narxining 5 foizi miqdorida belgilanadi va tegishli miqdordagi mablag‘ operatorning (elektron do‘konda elektron onlayn-savdoni tashkil etish va o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ) bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Buyurtmachi operator bilan elektron do‘konda savdolar o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan savdo platformasi orqali shartnoma tuzadi.
Savdo xabarnoma elektron do‘konda e’lon qilingan kundan keyingi ish kuni soat 10:00 da boshlanadi va besh ish kuni davomida, oxirgi ish kuni soat 18:00 ga qadar o‘tkaziladi.
Ishtirokchilarning savdoda ishtirok etish bo‘yicha arizalari elektron do‘konda xabarnoma joylashtirilgan kundan savdo yakunlangunga qadar avtomatik tarzda qabul qilinadi.
Savdo qadami:
birinchi to‘rtta qadamda - savdo obyekti boshlang‘ich narxining 5 foizi miqdorida;
beshinchi va undan keyingi qadamlarda - savdo obyekti boshlang‘ich narxining 3 foizi miqdorida belgilanadi.
Boshlang‘ich narxi xabarnoma joylashtirish paytida BHMning ikki ming baravaridan yuqori bo‘lgan savdo obyekti realizatsiya qilingan taqdirda, savdoning barcha qadami, savdo obyekti boshlang‘ich narxining 2 foizi miqdorida belgilanadi.
Dastlabki savdo o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnoma joylashtirilgan vaqtdan 30 kalendar kun davomida savdo obyekti sotilmasa, avtomatik tarzda savdo obyekti buyurtmachiga qaytariladi.
Savdo obyekti dastlabki savdo o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnoma joylashtirilgan vaqtdan 2 oy mobaynida sotilmagan taqdirda, buyurtmachi Buro bilan kelishilgan holda savdo obyektining boshlang‘ich narxini bosqichma-bosqich, lekin boshlang‘ich narxining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorgacha pasaytirgan holda takroriy savdolarni tashkil etishi mumkin.