TOShKENT, 6 okt — Sputnik. Haydovchilardan Qamchiq dovonida tezlikni meyordan oshirmasdan harakatlanish so‘raldi.
Qamchiq dovonida avtotransport vositalari ikki tomonlama xavfsiz harakatlanmoqda. Havo bulutli. Yomg‘ir yog‘moqda. Yo‘llarda ko‘rish darajasi 4000 metrni, havo harorati +10 darajani tashkil etmoqda.
"Qamchiqavtoyo‘l" IYFUK dovon orqali harakatlanayotgan barcha haydovchilardan ob-havo sharoitini inobatga olgan holda tezlikni meyordan oshirmasdan, oraliq masofani saqlab harakatlanishlarini va barcha xavfsizlik choralarini ko‘rishlarini tavsiya qiladi", — deyiladi xabarda.
O‘zgidromet prognozlariga ko‘ra, bugun respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida havo o‘zgarib turadi, ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin, baland tog‘larda qorga aylanishi mumkin.