TOShKENT, 5 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi o‘rinbosari – sanoat va savdo vaziri Denis Manturov Tatariston rahbari Rustam Minnixanov hamrohligida Tatariston sanoat salohiyati ko‘rgazmasini borib ko‘rdi, deb xabar bermoqda RIA Novosti muxbiri.
Tatariston sanoat salohiyati ko‘rgazmasi Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi III mintaqalararo hamkorlik forumi doirasida tashkil etildi. Ko‘rgazmada Tataristonning 60 dan ortiq yetakchi korxonalari, jumladan, “Tatneft”, “KAMAZ”, “Sibur”, Qozon vertolot zavodi, “Alabuga” va “Innopolis” maxsus iqtisodiy zonalari va boshqalarning mahsulotlari namoyish etildi.
Tatariston rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston Prezidenti respublikaga tashrifi davomida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlik forumi yakunlari bilan tanishadi, Bashir Rameyev nomidagi yuqori texnologiyalar texnoparkiga va boshqa bir qator obyektlarga tashrif buyuradi.
Qozon Kremlida Tatariston rahbari Rustam Minnixanov bilan uchrashuv ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston prezidentining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi arafasida Qozon shahrida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. Uning maqsadi ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishdan iborat.