TOShKENT, 5 okt — Sputnik. YeOIIda 2024-yilda transport siyosatining "yo‘l xaritasi" qabul qilinadi. Bu haqida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) energetika va infratuzilma vaziri Arzibek Kojoshev Ostonada bo‘lib o‘tgan "New Silk Way" — VI Xalqaro transport-logistika biznes forumi doirasida ma’lum qildi.
"Biz Ittifoq mamlakatlari va mintaqadagi hamkorlarimizning xalqaro transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan milliy sa’y-harakatlarini yuqori baholaymiz", – dedi Arzibek Kojoshev va ayni paytda an’anaviy xalqaro yo‘laklarni diversifikatsiya qilish va yuk oqimini optimallashtirish jarayoni davom etayotganini ta’kidladi.
“Asosiy transport oqimlarining Sharq va Osiyo tomoniga burilayotgan vaziyatda, "Shimol-Janub", “Yevropa-G‘arbiy Xitoy”, “Yangi Ipak yo‘li”, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi va TRASEKA kabi an’anaviy transport koridorlari yangi mazmunga ega bo‘lmoqda. Ularning faoliyatini belgilaydigan huquqiy asoslar yangilanmoqda, yo‘nalish tarmoqlari kengaymoqda, manfaatdor davlatlar va xo‘jalik subyektlari soni oshmoqda, koridorlarni boshqarishning yangi mexanizmlari belgilanmoqda", - dedi YeIK vaziri.
Kojoshev YeOII doirasida muvofiqlashtirilgan transport siyosati ishlab chiqish, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
"Transport sohasida eng asosiy masala — bozorning turli subyektlari orasida texnologik bog‘liqlikni ta’minlash" — dedi Kojoshev.
Undan tashqari YeIK transport vaziri YeOII doirasida ishlab chiqilayotgan transport siyosatining yo‘l xaritasi haqida ham batafsil aytib berdi.
"YeOII doirasida 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan Transport siyosatining muvofiqlashtirilgan (kelishilgan) asosiy yo‘nalishlari va bosqichlari "yo‘l xaritasi" tayyorlanmoqda. Hujjat YeOII hukumatlararo Kengashi tomonidan 2024-yilning birinchi yarmida qabul qilinishi kutilmoqda", - dedi Kojoshev.
Forum doirasida Arzibek Kojoshev va Qozog‘iston Respublikasi transport vaziri Marat Karaboyev va Tojikiston Respublikasi transport vaziri Azim Ibrohim o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.