TOShKENT, 4 okt — Sputnik. O‘zbekiston hududiga karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni xorijdan kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalish holatlari kuzatilmadi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi (Sanepidqo‘mita) O‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi boshlig‘i Farhod Qurbonbekov Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bergan ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda 26 ta davlatda vabo kasalligining epidemiyasi kuzatildi. Eng og‘ir epidemik vaziyat Afrika davlatlarida kuzatilmoqda. Kasallikka chalinganlarning soni 25,9 mingdan ortiq kishini tashkil etgan bo‘lsa, ularning 735 nafari vafot etgan. Shuningdek, 129 mingdan ziyod kishi vaboga chalinganlikda gumon qilingan.
O‘zbekiston hududiga kasalliklarni chetdan kirib kelishining oldini olish maqsadida respublika bo‘yicha bugungi kunda davlat chegaralarini kesishish joylarida 54 ta sanitariya – karantin punktlari faoliyat olib bormoqda.
“Shu yilning 8 oyida sanitariya-karantin punktlari tomonidan 945 723 ta avtotransport vositalari, 11 968 945 nafar fuqaro tibbiy-sanitariya nazoratidan o‘tkazilgan. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan fuqarolarning 5 438 383 nafarini xorij fuqarolari tashkil qilgan”, — deydi Farhod Qurbonbekov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, nazoratdan o‘tkazilganlarning 30 nafarida yuqumli kasalliklarga gumon qilingan bemorlar aniqlandi. Ularga nisbatan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar o‘tkazildi.
“Epidemiologik mavsumda vabo vibrionlariga tekshirish maqsadida hududdagi ochiq suv manbalari qayta hisobga olinib, ularning sanitariya pasportlari tuzilishi, suv namunalarini tekshiriladigan “nuqta”lar belgilanishi, shu belgilangan “nuqta”lardan jadval asosida suv namunalari olinib vabo vibrinlariga tekshirib borish talab etiladi”, — deya qo‘shimcha qildi Qurbonbekov.
Epidemik mavsumda o‘tkir diareya tashxisi bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan bemorlar tashqi muhitdan suv namunlari vabo kasalligiga laboratoriya usulida tekshirib borilmoqda.
Qayd etilishicha, vabo kasalligiga 2023-yilning o‘tgan davrida laboratoriyada 27000 dan ortiq tahlillar o‘tkazilgan. O‘tkazilgan tahlillarda odamlarda va ichimlik suvida vabo vibrionlari aniqlanmagan.
"Respublikada vabo kasalligini erta aniqlash va kasallikka chalingan yoki gumon qilingan bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida laboratoriyalar hamda yuqumli kasalliklar shifoxonalari shay holatiga keltirildi. Laboratoriyalarda diagnostikumlar, dezinfeksion vositalar va shifoxonalarda dori-darmon zaxiralari yaratildi", — deydi mutaxassis.
Ma’lumot uchun, xalqaro ekspertlarning baholashiga ko‘ra dunyoda vabo kasaligiga qarshi vaksinaning yetishmasligi vabo kasallikining kelib chiqishini asosiy sababi bo‘lib qolmoqda. Dunyo aholisini toza va sifatli ichimlik suvi bilan yetarlicha ta’minlanmaganligi epidemik vaziyatni murakkablashtirmoqda.
Vabo — o‘tkir diareya infeksiyasi bo‘lib, odamlar tozalanmagan suv (filtrlanmagan yoki qaynatilmagan), tozalanmagan suvda yuvilgan meva, sabzavot yoki ko‘katlarni iste’mol qilganda yoki ifloslangan suvdan olingan yangi dengiz mahsulotlarini iste’mol qilganda yuqadi.
Vaboni qo‘zg‘atiuvchisi vibrionlar hisoblanadi. Vibrion tashqi muhitda barqarorligi yuqori: najasda 150 kungacha, oqava suvda 106 kungacha, tuproqda 60 kungacha, meva va sabzavotlar yuzasida 4 kungacha saqlanadi.
Vabo bolalarga ham, kattalarga ham ta’sir qiladi va davolanmasa, bir necha soat ichida o‘limga olib kelishi mumkin. Vabo kasalligi qator yillar davomida respublikada ro‘yxatga olinmagan. Ammo kasallikni xorijdan kirib kelish ehtimoli mavjud.