TOShKENT, 4 okt — Sputnik. Joriy yil sentabr oyida O‘zbekistonda ayrim iste’molchilarning elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishlari natijasida tizimga 111 mlrd 428 mln so‘m zarar yetkazilgan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va elektr hamda gaz ta’minoti korxonalari mutaxassislari bilan hamkorlikda sentabr oyida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 911 ta holatda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.
Bunda 94 mln 533 ming metr kub tabiiy gaz (91 mlrd 57 mln so‘m) va 42 mln 961 ming kVt⋅soat elektr energiyasi (20 mlrd 371 mln so‘m) talon-toroj qilinishi natijasida tizimga keltirilgan jami 111 mlrd 428 mln so‘m zarar undirishga qaratildi.
Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi — Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumot uchun, ushbu hajmdagi tabiiy gaz hozirgi kunda 472 ming 665 ta xonadonning, elektr energiyasi esa 214 ming 805 ta xonadonning bir oylik iste’moliga teng.
Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.