TOShKENT, 4 okt — Sputnik. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash yaqin orada 10 milliard dollarga yetadi. Bu haqda RIA Novostiga O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov ma’lum qildi.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yil oxirida tovar ayirboshlash hajmi 9 milliard dollardan oshdi va jadal o‘sib bormoqda.
"Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar, jumladan, hududlar va xo‘jalik yurituvchi subyektlar darajasida izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. O‘ylaymanki, yaqin kelajakda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazishimiz mumkin, buning uchun katta salohiyat va barcha imkoniyatlar mavjud”, — dedi diplomat.
U, shuningdek, savdo aylanmasida qo‘shimcha qiymati yuqori bo‘lgan tovarlar ulushi ortib borayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni uch mingga yaqinlashdi, so‘nggi uch yilda bu ko‘rsatkich ikki barobarga oshdi.
"So‘nggi uch yilda O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki baravar ko‘paydi. Bugungi kunda ularning soni uch mingga yaqin", — deya qo‘shimcha qildi u.
Aytilishicha, Rossiya O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritayotgan asosiy investorlaridan biri sanaladi.