Rossiya gazi O‘zbekistonga qachon yetib keladi

Avvalroq O‘zbekiston 1-oktabrdan Rossiya gazini qabul qilishga tayyorligini ma’lum qilgan edi.
Sputnik
TOShKENT, 4 okt — Sputnik. Oktabr oxiriga qadar ta’mirlash ishlarini yakunlash va Qozog‘iston orqali Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berishni boshlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev ma’lum qildi.
“Hozir Qozog‘iston hududida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari yakunlanmoqda. Ular qurilish, gazni hisobga olish uchun alohida liniyani ajratish ishlari bilan bog‘liq. Yaqin kunlarda bu ishlar yakunlanishi bilan tranzit boshlangani haqida e’lon qila olamiz”, - dedi Satkaliyev. Uning so‘zlaridan Sputnik Qozog‘iston iqtibos keltirgan.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, gaz hajmi hozircha kelishilmoqda, Qozog‘iston so‘rov olgandan keyin miqdorni ma’lum qilishi mumkin.
“Ta’mirlash ishlarini oktabr oxirida yakunlash rejalashtirilgan”, - dedi Qozog‘iston energetika vaziri.
Avvalroq O‘zbekiston Energetika vazirligi Rossiya tabiiy gazini import qilish uchun mamlakatda infratuzilma tayyorlab qo‘yilgani va 1-oktabrdan gazni qabul qilishga tayyorligini ma’lum qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 16-iyun kuni Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumida Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma va respublika gaz uzatish tizimini Rossiya gazini qabul qilishga tayyorlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolangan edi.
O‘zbekiston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, shartnoma doirasida joriy yilning 1-oktabridan kuniga 9 million kubometr tabiiy gazni import qilish boshlanishi mo‘ljallanmoqda. Yillik hajm esa qariyb 2 milliard 800 million kubometrni tashkil etadi.