TOShKENT, 4 okt — Sputnik. Malakali mutaxassislar “Lukoyl”ga ishga jalb qilinadi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar berdi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi vitse-prezidentlari Stepan Gurjiy va Anatoliy Moskalenko hamda “Lukoyl Uzbekistan Opereyting Kompani” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Timur Gaynanshin bilan uchrashdi.
O‘zaro muzokaralarda neft-gaz sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash va ularni Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasida smenali ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
“Uchrashuvda vazir Behzod Musayev kompaniyada ishlash istagini bildirgan fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish hamda ularni munosib mehnat sharoiti bilan ta’minlash ikki tomonlama kelishuvda bosh mezon bo‘lishini ta’kidladi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq "LUKOIL Uzbekistan Operating Co" kompaniyasi vakillari bilan O‘zbekiston fuqarolarini ishga joylashtirish masalasi muhokama qilingandi.
Ma’lumot uchun, "Lukoyl" Rossiyaning eng yirik neft-gaz kompaniyalaridan biridir, neft qazib olish bo‘yicha Rossiyada ikkinchi o‘rinda turadi. Kompaniya neft qazib olish, neftni qayta ishlash, yoqilg‘i va mashina moylari ishlab chiqarish korxonalari hamda keng tarqalgan AYoQShlar tarmog‘iga ega.
"Lukoyl" Rossiyaning O‘zbekistondagi asosiy investorlaridan biri hisoblanadi. Uning Respublikadagi barcha loyihalarga kiritgan sarmoyasi 10 milliard dollardan oshgan. "Lukoyl" O‘zbekistonda "mahsulot taqsimoti kelishuvlar”i asosida ishlaydi.