TOShKENT, 4 okt — Sputnik. O‘zbekistonda IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish soddalashtirilishi mumkin. Raqamli texnologiyalar vazirligi buni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqqan. Bu haqda vazirlikning Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Yo‘ldoshev AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
“Tegishli vazirliklar bilan kelishgan holda hozirda qaror loyihasi hukumatda turibdi. O‘zgarishlarning hammasini sanab o‘tmayman, bitta-ikkitasini sanab o‘taman. Masalan, chet eldan kelayotgan fuqarolar uchun qulayliklar yaratilmoqda. Ularning SIM-kartasi 30 kunda (IMEI-kodi ro‘yxatdan o‘tkazilmasa) o‘chib qolardi, o‘sha muddat uzaytirilyapti", — dedi Yo‘ldoshev.
Shuningdek, Face-ID texnologiyasi orqali IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatini yaratish ham rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi mobil telefonlar maxsus IMEI kodi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi tartibi 2019-yil 1-apreldan joriy etilgan.