Energetika bozori regulyatori tashkil etiladi

“O‘zenergosotish” AJ tashkil etiladi. 2025-yil 1-yanvardan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasi eksporti va importi shartnomalari unga o‘tkaziladi.
Sputnik
TOShKENT, 3 okt — Sputnik. 28-sentabr kuni “Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra:
elektr energiyasini markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasini bajaruvchi “O‘zenergosotish” AJ tashkil etiladi;
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ elektr energiyasini tashish va tranzit qilishga ixtisoslashgan yagona magistral elektr energiyasi uzatish tizimi operatori etib belgilanadi;
Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi (energetika bozori regulyatori) tashkil etiladi.
2024 yil 1-iyuldan elektr energiyasini markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasi “O‘zenergosotish” AJ tomonidan va magistral elektr tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish funksiyasi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan to‘liq amalga oshiriladi.
2025 yil 1-yanvardan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasi eksporti va importi shartnomalari, xususiy elektr stansiyalari bilan imzolangan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimlari bo‘yicha majburiyatlari “O‘zenergosotish” AJga to‘liq o‘tkaziladi.
2025 yil 1-yanvargacha “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasi eksporti va importi shartnomalari, xususiy elektr stansiyalari bilan imzolangan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimlari “O‘zenergosotish” AJga qaytadan rasmiylashtiriladi.
2024 yil 1-fevralgacha xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magida Elektr energiyasi tariflarini shakllantirishning yangi uslubiyoti ishlab chiqiladi.
2024 yil 1-maygacha “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasini magistral elektr tarmoqlari orqali uzatish, “O‘zenergosotish” AJ uchun elektr energiyasini sotish va xarid qilish tariflarini hamda elektr energiyasi uchun kelib tushadigan mablag‘larni taqsimlashning yangi tartibi tasdiqlanadi.