TOShKENT, 2 okt — Sputnik. Surxondaryo viloyati paxta terimida birinchi bo‘lib marra chizig‘ini bosib o‘tdi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vaziri matbuot kotibi Dilshod Nazirov Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bu yil viloyatda 1 ming 846 fermer va paxta-to‘qimachilik klasterlari 74 ming 78 gektar maydonga chigit ekib, bir tekis undirib olingan g‘o‘zani mavjud agrotexnik tadbirlar asosida parvarish qildi.
"Paxta yetishtirishda boy tajriba to‘plagan voha terimchilari bu yil 268 ming tonnalik shartnomaviy rejani ortig‘i bajardi. O‘tgan yilga nisbatan 13 ming tonna ko‘p paxta xomashosi yetishtirilib, hosildorlik o‘rtacha 2-3 sentnerga oshib, gektariga 37,1 sentnerni tashkil etgani katta e’tiborga loyiqdir", — deydi Nazirov.
Ta’kidlanishicha, iqlim o‘zgarishi, bahorda noqulay yog‘ingarchiliklar, yoz chillasining o‘ta issiq kelishi, suv resurslarining sezilarli darajada kamligi Surxondaryo dehqonlarini iroda va matonatini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.
"Hali ham ayrim dalalarda hosil mo‘l, yig‘im-terim ishlari davom etmoqda", — deya qo‘shimcha qilindi.
Aytilishicha, Surxondaryoda ingichka tolali paxta seleksiyasi va urug‘chiligi bo‘yicha maxsus ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilishi, paxta-to‘qimachilik klasterlarni rivojlanishi, fermerlar va klasterlar o‘rtasida iqtisodiy munosabatlarni bozor mexanizmlari asosida yo‘lga qo‘yilishi ulkan natijalarni bermoqda.