O‘zbekistonning muzey eksponatlari Pekindagi ko‘rgazmada ishtirok etmoqda — foto

Ta’kidlanishicha, tashrif buyuruvchilar Birlashgan Arab Amirliklari, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Xitoy Xalq Respublikasining 80 dan ortiq muzey eksponatlarini tomosha qilishlari mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 2 okt — Sputnik. Joriy yil 29-sentabr kuni Pekindagi “Gugun” Imperator saroyi muzeyida “Bir makon, bir yo‘l” doirasidagi madaniy meros va arxeologiya sohasida hamkorlik arxeologik ko‘rgazmasi ochildi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, tashrif buyuruvchilar Birlashgan Arab Amirliklari, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Xitoy Xalq Respublikasining 80 dan ortiq muzey eksponatlarini tomosha qilishlari mumkin.
O‘zbekiston Davlat tarix muzeyi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti sara to‘plamlariga mansub 18 ta eksponat taqdim etilgan. Ular orasida sfinks tasviri tushirilgan haykaltaroshlik ilgaki (miloddan avvalgi II-I asrlar), sipoh boshli haykal parchasi (miloddan avvalgi I asr – milodiy 1-asr), qo‘sh jo‘mrakli ko‘za (milodiy II-III asrlar) va boshqa arxeologik topilmalar bor.
Eksponatlar O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida taqdim etilmoqda.
Ma’lumot uchun, “Bir makon, bir yo‘l” doirasidagi madaniy meros va arxeologiya sohasida hamkorlik ko‘rgazmasi Pekinda 2024-yil 5-yanvarga qadar davom etadi.