Maqtayapsizmi o‘zi yo koyiyapsizmi: ham salbiy, ham ijobiy munosabatni bildiruvchi iboralar

“O‘zbekning o‘z so‘zlari” ruknimizning navbatdagi maqolasi ayrim o‘zbekcha iboralar qanday qilib ham salbiy, ham ijobiy munosabatni bildirishi haqida.
Sputnik
Har bir til ma’no va mazmun ifodalovchi lisoniy birliklarga ega. So‘z va ibora, gap va matndan iborat til birliklari ma’noni o‘ziga xos, mazmunni o‘ziga mos voqelantiradi. O‘z navbatida, ular ma’no yoki mazmun ifodalashiga ko‘ra farq qiladi. Masalan, so‘z va iboralar ma’no ifodalaydi, gap va matn mazmun bildiradi. Bu xulosadan ma’no ifodalash gap va matnga, mazmun ifodalash so‘z va iboraga xos emas, degan xulosa kelib chiqadi. So‘z va ibora garchi ma’noga ega bo‘lsa ham ma’nolarini ma’lum bir gapda yuzaga chiqaradi. Ularning ma’nolari jumla ichida birlashib, muayan mazmunni paydo qiladi, fikrni yuzaga keltiradi. Demak, fikr kamida gapdan anglashiladi.
Tilda fikr ifodalashning uch xil shakli bor: neytral, salbiy va ijobiy. Til shunday munosabat ifodalashi bilan qiziq va o‘ziga xos. Masalan, “Tursunboy darsdan keldi” gapida fikr neytral ifodalangan. “Tursunboy darsdan qochib keldi” desak, fikr salbiylashadi. “Tursunboy darsdan bir olam orzular bilan keldi” deyilsa, fikr ijobiylashadi. Diqqat qilinsa, ikkinchi jumlaga salbiy munosabatni “qochib” so‘zi, uchinchi jumlaga ijobiy munosabatni “bir olam orzu” so‘zlari qo‘shgan. Demak, bitta so‘zning ma’nosi jumla mazmunini salbiylashtirgan yoki ijobiylashtirgan. Buni osongina bilib olamiz, biroq kutganimizdek bo‘lmagan talay so‘zlar, iboralar ham tilimizda ko‘p.
Yashang, qoyilman...
O‘zbek tilidagi balli, barakalla, ofarin, tasanno, qoyil, azamat, yashang, yashavor kabi so‘zlar, bor bo‘lgur, baraka topkur, omon bo‘lgur, uying bug‘doyga to‘lgur singari iboralar kishini maqtalganda qo‘llanadi. Misol uchun: Yashang, o‘g‘lim, kam bo‘lmang. (Abdulla Qahhor, Yillar) Ammo quyidagi gapda yashang so‘zi bilan oilali erkak maqtalgani yo‘q, tanbehlanmoqda: – Tog‘ qizlari chiroyli bo‘ladi deb eshitaman... – Yashang! Bolalaringiz ham esingizga kelmaydi-ya! Qoyilman... (Shukur Xolmirzayev, Shudring tushgan bedazor)
Balli, barakalla...
Bu tarz tanbehlash o‘zbek jamiyatida yaqinda paydo bo‘lgan nutqiy odat emas, balki xalqimizning ancha avvalgi tutumlaridan biri. So‘z-u iborani birday kinoyali qo‘llashdan iborat bunday tutum – kishini tartibga chaqirishning, o‘rnini bilmagan suhbatdoshni hushor torttirishning ko‘p sinalgan, sixni ham, kabobni ham kuydirmaydigan usuli. Chunki odamning yuzi issiq... Har tomonini o‘ylaysiz... Andishaga borasiz... Bir kun esi kirib qolar deysiz... Xullas, yo‘lini topib, ochiq-oydin bo‘lmasa-da munosabatingizni bildirasiz. Xudoyorxon zamonlaridan hikoya qiluvchi “O‘tkan kunlar” romanida Abdulla Qodiriy arazdor Zaynabga shu tarz munosabat ko‘rsatadi. Kumush tilidan yo‘l-yo‘lakay koyib o‘tadi: Zaynab to‘ppisini qo‘yib o‘rnidan turdi: –Men ham oldingizg‘a chiqaymi, deb turg‘an edim... Kumush istehzo bilan kuldi: – To‘ppi tikib o‘lturibsiz-ku, manim oldimg‘a chiqarmidingiz, barakalla sizga, –dedi.
Hayotda barchani teng ko‘rgan Qodiriy domla san’atda ham shunday bo‘lgan. Badiiy tasvirning tabiiyligiga alohida diqqat qilgan. “O‘tkan kunlar”da Zaynabga ko‘rsatilgan kinoyali munosabatga “Mehrobdan chayon”da Ra’no ham loyiq topilgan. Adib Solih maxdumga bo‘yi yetgan qizini balli deb koyitgan, bolalarcha harakatidan kinoya qilgan: Go‘sht ko‘tarib yo‘lakdan kirgan Solih maxdumning ko‘zi Ra’noning shu holiga tushdi: – Balli, Ra’no, ana jinnilik! – dedi maxdum. – Atlas ko‘ylak senga hayf!
Tasanno
O‘tkir Hoshimovning “Domlaning aytganini qil...” hikoyasida beoqibat shogirdni ustozi tasanno deb koyiganiga nima deysiz?!: – Institutni bitirdingiz, biolog bo‘ldingiz, shu domlam menga saboq bergan edi-ku, – deb biron marta ziyorat qilmadingiz. Dissertatsiya yoqladingiz, banketingizga taklif etmadingiz. Ha, endi domlangiz xayolingizdan ko‘tarilganda-a! Tasanno! Ko‘rinadiki, birgina tasanno so‘zi mo‘’jazgina matnning mazmuni o‘zgartirib yuborgan: shogirdining beoqibatligidan kuyib yurgan domla to‘planib qolgan alamini zahrolud bir tarzda – tasanno so‘zida ifodalagan.
Baraka topkur
O‘zbek adabiyotida yuqoridagidek nutqiy odatlarni ko‘rar ekansiz, o‘zbekning topqirligiga, qopib emas, topib so‘zlashiga qoyil qolasiz. Abdulla Qodiriyning kinoyali qalami izdoshlari ijodida yanada charxlanayotganiga amin bo‘lasiz. Masalan, O‘lmas Umarbekov “Husn” hikoyasida so‘zlovchi Hakimjon ismli yigitni baraka topkur deb maqtagan, xatti-harakatiga qoyil qolgan: – Hakimjon, baraka topkur, o‘zi bosh-qosh bo‘lib turdi. “Yoz yomg‘iri” qissasida esa bunday qilmagan, alamini ichiga yutgan ayolga erini baraka topkur deb koyish imkonini bergan. Yozuvchi shu birgina ibora bilan erini birovga berib ketishni istamayotgan ayolning zardasini, so‘nggi nafasida ham eriga itoatkorlikni unutmagan o‘zbek ayoli siymosini tabiiylashtirgan: – Bilaman, yolg‘iz qolmaysiz, uylanasiz... Faqat, baraka topkur, bu karavotni sotib, boshqa oling. Mazkur ibora garchi maqtov ma’noli bo‘lsa ham fikr salbiylashuviga xizmat qilgan.
Xo‘sh, birortani koyimoqchi, tanbehlamoqchi bo‘lsak, to‘g‘ridan-to‘g‘ri koyimay, nega maqtov ma’noli iboralardan foydalanamiz? Sababi shundaki, birinchidan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri koyisak, qo‘pol chiqadi; ikkinchidan, yumshoqqina koyishning ta’siri yaxshi, esdan chiqmaydigan bo‘ladi; uchinchidan, bunday koyish nutqiy odatga aylanib qolgan. Birinchi Prezidentimizning ko‘pincha baraka topkur deb koyishini eslang: Menga qolsa, mashina ham, uy ham kerak, lekin, baraka topkurlar, avval uy quringlar, keyin mashina olinglar (“Mamlakatimizni yanada obod etish va modernizatsiya qilishni qat’iyat bilan davom ettirish yo‘lida” kitobidan).
Uying bug‘doyga to‘lgur
O‘zbek uchun non – aziz narsa. “Non ham non, ushog‘i ham non” naqli shu bois xalq tilida bor. Nonni ezozlagan xalqimiz bug‘doyga ham bee’tibor bo‘lmagan, eng yaxshi sifatlarni bug‘doyga biriktirgan. Chunonchi, “Bug‘doy noning bo‘lmasin, bug‘doy so‘zing bo‘lsin” maqoli bilan “bug‘doy so‘z”ning bahosi nonga tengligini, non o‘rnida o‘tishi”ni ta’kidlagan. Uying bug‘doyga to‘lgur deb o‘zgaga ezgulik istagan, ko‘nglini ko‘targan. O‘tkir Hoshimov xalq tilidagi bu odatni Habiba aya nutqiga asli qanday bo‘lsa, shundayligicha ko‘chirgan: Habiba buvi: – Voy uyingga bug‘doy to‘lgurlar, voy ko‘paygurlar, kela qolinglar, – deydi ovozi tovlanib. (“Dunyoning ishlari” qissasidan)
Agar yuqoridagi gapda Habiba buvi uyiga keluvchilarni “uyingga bug‘doy to‘lgur” deb alqagan bo‘lsa, quyidagi jumlada “o‘rigidan mag‘zini shirin” bilgan boshqa bir buvi aksincha yo‘l tutgan, bor alam-achchig‘ini uying bug‘doyga to‘lgur iborasida ifodalagan: Ona sochlarining uchigacha zirqiradi: – Ha, uying bug‘doyga to‘lgur, g‘ilay, evaramni tanimagansan yoki menga nisbatan g‘arazgo‘yliging bormidi... (Jumanazar Beknazar, Mehrning achchiq sinovi) Bu o‘rinda salbiy munosabatni g‘ilay so‘zi yanada kuchaytirgan.
Ijtimoiy odoblarimizga mos koyib qo‘yish bugun ham amalda. Iste’dodli shoir Behzod Fazliddin buni uddasidan chiqqan: Nega pishmasimdan o‘roq solasan? Yashashni istayman bug‘doylarday hur. Ertaga tilingni tishlab qolasan, Tushunsang-chi, uying bug‘doyga to‘lgur! (“Sen qachon gullaysan” kitobidan)
Voy yaramas-ey...
Maqtov so‘zlar bilan koyishni uddalagan xalqimiz koyiy turib maqtab ketishning ham yo‘lini topgan. Shu maqsadda bir qancha so‘z-iboralarni kosa tagida nimkosa qabilida qo‘llab alqashni o‘rinlatgan. Vaziyat taqozosiga ko‘ra birda qo‘li, birda so‘zi bilan erkalagan, xullas, shunday ijtimoiy tutumni mahkam tutgan. Eng yaqin kishisining xatti-harakatidan taajjubga tushganda yoki qoyil qolganda shayton, jinni, yaramas, xumpar, battol, bachchag‘ar, zang‘ar kabi so‘zlar bilan alqagan. Masalan, Shukur Xolmirzayev “O‘zbek xarakteri” hikoyasida “Ko‘zimga itdan battar ko‘rinyapti... Endi, bir umr kulib yuradi bizdan, yaramas...” deganda yaramas so‘zini o‘ta salbiy munosabatning ifodasi qilib qo‘llagan. Abdusaid Ko‘chimov o‘zbekchilik yaramas so‘zi bilan erkalash, joyi kelganda maqtashga izn berishini sezganmi yo shunday maqtashga sotsial odoblar yo‘l berishini bilganmi, yaramas so‘zini alqashga yaroqli iboraga aylantirolgan: Ma’ruf Jalilning chehrasiga bolalarcha beg‘ubor va mo‘min tabassum yugurdi. – Yaramas, yomon she’rga o‘xshamaydi (“Kamtarlikning baland cho‘qqisi” hikoyasidan).
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan galgi maqolamizda qarama-qarshi ma’noni anglatuvchi iboralar xususida so‘z yuritilgan edi.
O‘zbekning o‘z so‘zlari ruknimiz orqali har haftada o‘zbek tiliga oid juda qiziq ma’lumotlarni bilib olasiz va so‘z boyligingizni oshirasiz.
Avvalgi materiallar:
Shashlik yo kabob: qaysi biri o‘zbekchaligini bilasizmi?
Almisoqdan qolgan, go‘riga o‘t qalamoq: iboralar tarixini bilasizmi?
Eng ko‘p xato yoziladigan so‘zlar — ro‘yxat
Bu qiziq: o‘zbek milliy bolalar o‘yinlarini bilasizmi?
Aqiqa, beshikto‘yi, bolaqochdi: sunnat to‘yi bilan bog‘liq marosimlarni bilasizmi?
O‘zbek to‘yi: nikoh va undan keyingi urf-odatlarni bilasizmi
“Xumpar, xo‘tik, qulun”: uy hayvonlari o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi
Yovvoyi hayvonlar o‘zbekcha qanday atalishini bilasizmi?
Parrandalar o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi
Nortoy, Jovli, Ashura: o‘zbeklar ism tanlashda nimalarga e’tibor qaratgan
Kir, o‘r, dori: tarixi qiziq bo‘lgan so‘zlarni bilasizmi?
Qo‘l uchida, bir pul: o‘zbekcha iboralarga oid qiziqarli test, Bilimingizni sinab ko‘ring