Qashqadaryoda 2 ayiq qishloqqa tushib keldi — video

Voqea joyiga yetib borgan ishchi guruh tomonidan ko‘rilgan operativ chora-tadbirlar natijasida ayiq bolalari maxsus o‘q-dorili qurol yordamida uxlatildi.
Sputnik
TOShKENT, 1 okt — Sputnik. Qashqadaryoda qishloqqa tushgan ayiqlar qo‘riqxona hududiga qo‘yib yuborildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Shahrisabz tumani, Shakarteri MFY, Soybo‘yi qishlog‘i hududiga tog‘li hududdan O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan 2 bosh Tan-Shan qo‘ng‘ir ayiq bolalari kelib tushdi.
Vaziyat yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi, Shahrisabz tuman IIB, Milliy gvardiya, Toshkent hayvonot bog‘i hamda Hisor qo‘riqxonasi xodimlaridan iborat tezkor ishchi guruh tuzildi.
Voqea joyiga yetib borgan ishchi guruh tomonidan ko‘rilgan operativ chora-tadbirlar natijasida ayiq bolalari maxsus o‘q-dorili qurol yordamida uxlatildi.
Ayiq bolalariga hech qanday shikast yetkazilmasdan, “Hisor” davlat qo‘riqxonasining "Tanxoz" daryo bo‘limiga qo‘yib yuborildi.
Avvalroq, Parkentda aholi yashaydigan hududga ayiq tushib kelgani to‘g‘risida xabar berilgandi.