Shavkat Mirziyoyev Olaf Shols bilan muzokara o‘tkazdi — qanday takliflar ilgari surildi?

O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 30 sen — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Berlin shahridagi birinchi “Markaziy Osiyo - Germaniya” sammiti doirasida Germaniya kansleri Olaf Shols bilan muzokara o‘tkazdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb jihatlari ko‘rib chiqildi, O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbari quyidagi yo‘nalishlardagi takliflarni ilgari surdi:
Qo‘shma iqtisodiy tadbirlarni muntazam o‘tkazib borish;
muqobil energetikani rivojlantirish;
qishloq xo‘jaligi va suv resurslari boshqaruvini raqamlashtirish;
xomashoni chuqur qayta ishlash, moliyaviy vositalarni kengaytirish;
ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash;
migratsiya va ko‘chuvchanlik sohasida hamkorlik qilish.
Madaniy-gumanitar almashinuvni rivojlantirish, fan va ta’lim sohalarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi. Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi nuqtayi nazaridan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Olaf Sholsni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda Germaniyaning “Volkswagen”, “MAN”, “CLAAS”, “Siemens”, “Linde”, “Aurubis”, “Henkel”, “Knauf”, “Papenburg”, “Deutsche Kabel” va ko‘plab boshqa yetakchi kompaniyalari ish olib bormoqda. Tog‘-kon, energetika, kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati va infratuzilma bo‘yicha yangi loyihalar portfeli shakllantirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 29-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Germaniya kansleri Olaf Sholsning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Berlin shahriga keldi. Bu yerda O‘zbekiston yetakchisi Markaziy Osiyo va Germaniya davlat rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etdi hamda Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi.