TOShKENT, 29 sen — Sputnik. Rossiyada mehnat migrantlarini yollaydigan ish beruvchilar zimmasiga ularni turar joy bilan ta’minlash majburiyati yuklanishi mumkin, deb yozadi “Izvestiya” nashri.
Rossiya Davlat dumasining qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘yicha qo‘mitasi a’zolari quyi palata ko‘rib chiqishi uchun tegishli qonun loyihasini kiritadi. Unga ko‘ra, migrantlarni ishga oluvchi kompaniyalar mehnat shartnomasi amal qiluvchi muddatga ularni turar joy bilan ta’minlashi majburiy bo‘ladi.
Gap maxsus yotoqxona, uylar yoki kvartiralar haqida bormoqda. Asosiysi – migrantlarni rasmiy ravishda turar joyi bo‘yicha vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish.
Deputatlar qonunbuzarlar uchun 500 ming rublgacha jarima tayinlash hamda kompaniya faoliyatini 90 kunchaga vaqtincha to‘xtatib qo‘yishni taklif qilishmoqda. Agar ishchi mustaqil ravishda turar joy topsa, ish beruvchi javobgarlikdan ozod qilinadi.
Deputatlar bu chora “rezinali” kvartira muammosini hal etishda yordam beradi deb hisoblashmoqda.