TOShKENT, 29 sen — Sputnik. Oliy Majlis Senatining qirq beshinchi yalpi majlisida “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu qonun asosida pedagoglarning o‘z kasbiy faoliyatini yuritishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilib, ularning ijtimoiy himoyasi ta’minlanishi va huquqlari amalga oshirilishi uchun kafolatlar berilishi orqali O‘zbekistonda pedagogning maqomi tan olinadi.
Qonunda pedagoglar o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun ularning huquqlari qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.
Xususan,
pedagoglar kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilishi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq ijodiy ta’til olishi;
ta’lim tashkilotini boshqarishda, shuningdek ta’lim tashkilotining faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishda ishtirok etishi;
o‘z kasbiy faoliyatiga g‘ayriqonuniy ravishda aralashuvdan himoyalanish;
ta’lim oluvchilar va ularning ota-onalari (qonuniy vakillari) tomonidan pedagogning kasbiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishini talab qilish huquqlarga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, qonunga pedagogning o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi chog‘ida pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish, kuz-qish davrida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ta’lim tashkilotida navbatchilikka jalb etish, pedagogning zimmasiga tovarlar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan lavozim maoshidan uning roziligisiz tovarlar va xizmatlar uchun mablag‘ ushlab qolish kabi taqiqlanadigan holatlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, qonunda pedagogik etika qoidalari, pedagoglarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ular attestatsiyadan o‘tishi va malaka toifalarini olishlari belgilanmoqda. Pedagogik etika qoidalarini ta’lim tashkilotlari uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ishlab chiqadi.
Pedagogning mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha qoidalar mustahkamlanmoqda. Unga ko‘ra mehnatning alohida sharoitlarida, respublikaning olis hududlarida hamda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ishlaydigan pedagogga ustamalar belgilash nazarda tutilmoqda, fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) uchun bazaviy lavozim maoshining 30 foizigacha, fan doktori (DSc) va professor ilmiy unvoniga ega shaxslar uchun bazaviy lavozim maoshining 60 foizigacha har oylik ustama to‘lanishi qonunda alohida ko‘rsatib o‘tilmoqda.
Shuningdek, pedagoglarni ijtimoiy himoya qilish kafolatlari nazarda tutilmoqda. Xususan, pedagoglar uchun qisqartirilgan ish vaqti, davomiyligi ko‘pi bilan ellik olti kalendar kundan iborat bo‘lgan haq to‘lanadigan har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat ta’tili belgilanmoqda.
Ularga respublikaning olis hududlarida uy-joylarni ijaraga olganlik uchun har oylik kompensatsiya to‘lanishi belgilanmoqda. Kasb egalarining farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli ro‘yxatga asosan qabul qilinishi, davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida davlat ta’lim tashkilotlarining pedagoglarini majburiy bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish belgilanmoqda.