Hozir dunyo bo‘yicha COVID-19 ning dominant versiyasi yo‘q — JSST

JSST: Eris o‘tgan vaqt ichida jiddiy holatlarni keltirib chiqargani yo‘q.
Sputnik
TOShKENT, 29 sen — Sputnik. Hozir dunyo bo‘yicha COVID-19 ning dominant versiyasi yo‘q. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ga tayanib xabar berdi.
Shu yil avgust oyida Hindiston va Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi mutatsiyasi — EG.5 subvarianti tarqalayotgani haqida xabar berilgandi. Ko‘p o‘tmay Eris deb nomlangan mazkur versiya AQSh, Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi jami 51 davlatda ro‘yxatga olingani ma’lum qilindi.
Shundan so‘ng JSST rahbari Tedros Gebreyesus yangi mutatsiya hozircha Yer yuzi aholisi salomatligi uchun global darajada xavf tug‘dirmayotgan bo‘lsa-da, uning dunyo bo‘ylab keng tarqalishi kasallanishlar soni keskin o‘sishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Kuni kecha tashkilotining COVID-19 bo‘yicha texnik rahbari Mariya Van Kerxove ushbu yangi variantlar bilan bog‘liq dunyodagi epidemiologik vaziyat haqida axborot berdi.
Uning ta’kidlashicha, Eris o‘tgan vaqt ichida jiddiy holatlarni keltirib chiqargani yo‘q. Qolaversa, u avval prognoz qilingani kabi SARS-CoV-2 ning dominant versiyasiga ham aylanmadi.
“Shunga qaramay, mavjud mutatsiyalar bemorlarda ma’lum darajada og‘ir o‘tayotgan holatlar yo‘q emas. So‘nggi oylarda ayrim mamlakatlarda kasallanish va shifoxonaga yotqizish ko‘rsatkichlari ortib borayotgani ham fakt”, — deyiladi xabarda.
Van Kerxove bu o‘rinda bir muncha xavotirli deb hisoblangan “omikron”ning uchta — XBB.1.5, XBB.1.16 va EG.5 deb ataluvchi subvariantlari haqida to‘xtaldi.
Ma’lum qilinishicha, hozir EG.5 versiyasi dunyo bo‘ylab tarqalishda davom etmoqda. Bu esa XBB.1.5 va XBB.1.16 mutatsiyalarini yuqtirish holatlari pasayishiga xizmat qiladi. Biroq bugungi kunda Yer yuzida dominant variant yo‘q.
Mutaxassis xulosasiga ko‘ra, COVID-19 ga qarshi kurash bo‘yicha sinovdan o‘tgan tajriba hamon o‘zini oqlamoqda. Shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, jamoat joylarida tibbiy niqob taqib yurish, bino va inshootlarda havo aylanish tizimini yaxshilash va eng muhimi, o‘z vaqtida emlanish og‘ir holatlarning oldini olishga xizmat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda ba’zi mintaqalarda COVID-19 ning “Pirola” deb nomlangan yangi BA.2.86 shtammi ham tarqalmoqda. U hozirgacha Isroil, Kanada, Daniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika, Shvetsiya, Norvegiya, Shveysariya, Tailand va AQSh kabi qator mamlakatlarda ro‘yxatga olingan.
Shu kungacha yangi mutatsiya bilan bog‘liq og‘ir holatlar kelib chiqmagan bo‘lsa-da, JSST uni o‘z kuzatuvi ostiga oldi.