Toshkentdagi omborda kuchli portlash

Sergelidagi yong‘in 15 ming kvadrat metr maydonni egallagan — FVV

Vaziyat to‘liq nazoratga olinib, hozirda uning oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 28 sen — Sputnik. Bugun, 28-sentabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahar Sergeli tumani “Quruvchi” MFY Xonobod ko‘chasida joylashgan “Inter Logistics” MChJga qarashli omborxonalar hududida chaqnash oqibatida yong‘in sodir bo‘lganligi to‘g‘risida FVBga xabar tushgan.
Eng so‘nggi tezkor xabarlar, foto, video bizning (lotin/kirill). Obuna bo‘ling, tezkor xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari soat 02:48 da yong‘inga yetib borib, tezkor harakatlar natijasida soat 05:02 da yong‘in qurshab olingan va soat 10:47 da batamom o‘chirilgan.
Yong‘in joyiga O‘zbekiston bosh vaziri – Fuqaro muhofazasi boshlig‘i Abdulla Aripov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Bojxona boshqarmasi hamda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi xizmatlarning rahbarlari chiqqan.
Voqea joyida tegishli tashkilot va xizmatlar hamkorligida tezkor Shtab tashkil etildi.
Yong‘inni bartaraf etish ishlariga, FVV va boshqa tegishli tashkilotlardan jami 210 ta texnika va 2000 dan ortiq shaxsiy tarkib jalb qilindi. Dastlabki o‘rganish ishlariga ko‘ra 15 ming kv.m omborxona maydonida yong‘in o‘chirilib, 30 ming kv.m maydoni saqlab qolindi.
Vaziyat to‘liq nazoratga olinib, hozirda uning oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan dastlabki tergovga qadar surishtiruv ishlari va moddiy zarar miqdorini aniqlash ishlari Toshkent shahar Prokuraturasi, Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan hamkorlikda olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 28-sentabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahrining Sergeli tumanida “Inter Logistics” kompaniyasi omborida kuchli portlash sodir bo‘ldi.
SSV xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda. 2006-yilda tug‘ilgan bir nafar o‘smir bola esa voqea joyida vafot etgan.
Hodisa tafsilotlarini o‘rganish yuzasidan bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzilgan.
Mazkur holat yuzasidan IIV Tergov departamenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va ”b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.