Rossiya pandemiyadan so‘ng migratsiya qonunchiligini optimallashtirdi — Gorovoy

Gorovoy aytishiga ko‘ra Rossiya qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlar mehnat migrantlariga moddiy va ruhiy bosimni kamaytirishga xizmat qiladi.
Sputnik
TOShKENT, 28 sen — Sputnik. Rossiya hukumati pandemiyadan keyin migratsiya qonunchiligini imkon qadar optimallashtirdi, dedi Rossiya Federatsiyasi ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy bugun Toshkentda bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari migratsiya organlari rahbarlari kengashining 27-majlisida.

“Bugungi kunda biz xorijiy davlatlar fuqarolarining Rossiya hududiga kirishini ro‘yxatga olish va ro‘yxatga olishning asosini tashkil etuvchi qonunchilikni maksimal darajada optimallashtirdik”, - dedi Gorovoy.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi rahbarining birinchi o‘rinbosari koronavirus pandemiyasidan so‘ng Rossiya migratsiya qonunchiligiga kiritilgan bi qator o‘zgarishlarni ham sanab o‘tdi.
Xususan, chet el fuqarolariga qulaylik yaratish maqsadida Rossiya Federatsiyasiga tashrif buyurish maqsadini mamlakatni tark etmasdan o‘zgartirish imkoniyati, elektron vizalar olish va boshqalar.

"Bu mehnat migrantlarining moddiy xarajatlari va psixologik stressini ham kamaytiradi", - deya qo‘shimcha qildi Gorovoy.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari ko‘plab davlatlar fuqarolari Rossiyaga kelish uchun elektron vizalardan foydalanayotganini ham aytib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, Rossiya migratsiya qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlarga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolari Rossiya hududiga kirib kelganidan so‘ng avvalgidek ro‘yxatdan o‘tish muddati 7 ish kunidan 15 ish kunigacha uzaytirildi.