Senatning qirq beshinchi yalpi majlisi 29-sentabr kuni chaqiriladi

Senatorlar qator qonunlar va ombudsman o‘rinbosarini saylash kabi masalalarini ko‘rib chiqishadi.
Sputnik
TOShKENT, 27 sen — Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining qirq beshinchi yalpi majlisi 29-sentabr kuni chaqiriladi. Yuqori palata kengashi tegishli qarorni qabul qildi.
Yalpi majlisda “Pedogogning maqomi to‘g‘risida”gi, “Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi, “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Metrologiya to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi, “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimi shakllantirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, senatorlar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosarini saylash, Senat kengashining qarorlarini tasdiqlash masalalarini ko‘rib chiqadi.