Samarqand 2025-yil Islom dunyosi madaniyat poytaxti deb tasdiqlandi

Bu maqom bizga yana bir karra dunyoga madaniy merosimizni namoyon etish imkonini taqdim etadi, deb yozadi vazir.
Sputnik
TOShKENT, 27 sen — Sputnik. ​​Samarqand 2025-yil Islom dunyosi madaniyat poytaxti deb tasdiqlandi. Bu haqda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, 25-sentabr kuni Qatarda XXII Islom dunyosi madaniyat vazirlarining “Islom olamida madaniy tadbirlarning yangilanishi tomon” mavzusidagi 12-konferensiyasi o‘z ishini boshladi. Unda Ozodbek Nazarbekov ham ishtirok etmoqda.
Konferensiya kun tartibida dunyo madaniy siyosatining yetakchi tamoyillari va barqaror rivojlanish ko‘rsatkichlari, islom olamida insoniyatning barhayot boyliklari va an’anaviy bilimlarini qadrlash, madaniy boyliklarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishga oid qator masalalar muhokama qilindi.
“Eng muhimi, konferensiya doirasida 2025-yil Samarqand Islom dunyosi madaniyat poytaxti deb tasdiqlandi. Bu maqom bizga yana bir karra dunyoga madaniy merosimizni namoyon etish imkonini taqdim etadi”, - deb yozadi vazir.