Tarjimai holi
O‘zbek nasrining yirik namoyandalaridan biri Pirimqul Qodirov 1928-yilning 25-oktabrida Tojikiston respublikasining O‘ratepa tumanidagi Kengqul qishlog‘ida tavallud topdi.
Pirimqul Qodirov urushdan keyingi yillarda jamoa xo‘jaligida, yo‘l qurilishi, so‘ng Bekobod metallurgiya zavodida ishladi.
1951 yili Toshkent Davlat universitetini tugatib, Moskvadagi M.Gorkiy nomidagi Adabiyot institutining aspiranturasiga kirdi. “Abdulla Qahhorning urushdan keyingi ijodi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1954-1963 yillar u sobiq SSSR Yozuvchilar uyushmasi qoshida o‘zbek adabiyoti bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishladi. 1963-1976 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutining katta ilmiy xodimi vazifasini bajardi.
Ijodiy yo‘li
Adib ijodining debochasi “Studentlar” hikoyasi 1950-yilda talabalik yillarida e’lon qilinib, tolibi ilmlar hayoti, ularning ichki olamini yoritadi. Shundan keyin uning “Jon shirin”, “Kayf”, “Olov” hikoyalari, “Qadrim”, “Erk”, “Meros”qissalari, “Najot” afsona qissasi, “Sarguzashtlar”, “Yayra institutga kirmoqchi” nomli qissa va hikoyalar to‘plamlari birin-ketin chop qilinadi.
Keyinchalik adib yaratgan “Uch ildiz”, “Olmos kamar” romanlari unga katta shuhrat keltiradi.
Avval “Yulduzli tunlar” (Bobur), keyin “Humoyun va Akbar” romanlari bilan Pirimqul Qodirov o‘zbek tarixiy romanchiligini ustoz Oybekdan keyin yangi pog‘onaga ko‘taradi.
G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida adibning uch jildlik tanlangan asarlari (1 tom, “Olmos kamar” romani, 1977; 2 tom, “Qora ko‘zlar” romani, “Erk qissasi, 1978; 3 tom, “Uch ildiz” romani, 1979) nashr qilingan. Mazkur nashriyot adibning “Yulduzli tunlar” romani, “Qadrim” va “Meros” qissalarini o‘z ichiga olgan uch jildlik “Saylanma”sini ham bosib chiqargan.
Pirimqul Qodirov ilmiy faoliyat bilan ham shug‘ullanib, “Xalq tili va realistik proza”, “Til va dil” risolalarini yaratgan.
U bolakaylar sevib mutolaa qiladigan "Akromning sarguzashtlari", "Najot", "Yayra institutga kirmoqchi" kabi qissalarning ham muallifi xisoblanadi.
Adib ssenariysi asosida zangori olov zahmatkashlari xaqida “Sening izlaring”badiiy filmi suratga olingan. Shuningdek, adib kitobxonlarga “Ona lochin nidosi” degan tarixiy romanini (1997) taqdim etdi.
Tarixshunoslik faoliyati
Ma’rifatparvar adib O‘zbekistonning badiiy tarixiy o‘tmishining qayta yaratilishiga salmoqli hissa qo‘shgan. 1969-1978 yillarda yozilgan "Yulduzli tunlar" romani o‘zbek adabiyotining eng sara tarixiy asarlari sirasiga kiradi. Ushbu romanda Movarounnahrdek ulkan davlatning parchalanib ketishi, Temuriylar o‘rtasidagi nizolar mohirona tasvirlangan, hamda Bobur shaxsiyati mukammal tarzda ochib berilgan. O‘n ikki yoshida taxtga chiqishga majbur bo‘lgan va butun umr Vatan sog‘inchida yashagan Boburning: "Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim..." deya chekkan iztiroblari aks ettirilgan.
“Yulduzli tunlar” ko‘p marotaba Moskvada va Toshkentda nashrdan chiqqan, roman, shuningdek, “Xalqlar do‘stligi” jurnalida ham chop etilgan. Roman hind va urdu tillariga tarjima qilingan. Shuningdek, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq tillarida chop etilgan. 1981-yil “Yulduzli tunlar” romani uchun P. Qodirovga Hamza nomidagi davlat mukofoti topshiriladi.
Shuningdek, "Shohruh va Gavharshod" nomli romani 2013-yil Sharq nashriyotida bosib chiqariladi. Ushbu romanda Buyuk Temurning farzandi Shohruh va uning nikohidagi Gavharshodbegim hayoti bayon qilinadi.
Pirimqul Qodirov
© ziyouz.uz
Tarjimonlik faoliyati
Pirimqul Qodirov tarjimon sifatida L.Tolstoyning “Kazaklar”, K.Fedinning “Dastlabki quvonchlar”, P.Tolisning “Iz”, X.Derayevning “Taqdir” qissa va romanlarini o‘zbek tiliga o‘girgan.
Pirimqul Qodirov 1990-2000 yillar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi fan va madaniyat qo‘mitasining raisi o‘rinbosari, raisi lavozimlarida faoliyat yuritib, O‘zbekistonning fan, adabiyot va san’ati taraqqiyotida jonbozlik ko‘rsatgan.
Taniqli adib so‘nggi yillar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida nasr bo‘yicha rais lavozimida faoliyat yuritgan. Mehribon va talabchan ustoz sifatida ko‘plab yosh iqtidor sohiblariga ustoz bo‘lgan.
O‘zbek adabiyoti va madaniyati rivoji oldidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib ravishda baholanib, Pirimqul Qodirov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” va “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” sharafli unvonlariga sazovor bo‘lgan, “El-yurt hurmati” hamda “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.
2010 yil 21-dekabr umrining 82-yilida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov olamdan ko‘z yumdi.