O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari tartibi o‘zgardi

Ikki mamlakat o‘rtasida 2023-yil uchun qo‘shimcha ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash hamda 2024-yilda ayirboshlanadigan ruxsatnoma blankalarining kvotasi belgilandi.
Sputnik
TOShKENT, 27 sen — Sputnik. ​​O‘zbekiston va Ozarbayjon qo‘shimcha ruxsatnoma blankalarini ayirboshlashga kelishib oldi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Xalqaro avtomobil tashuvlari bo‘yicha O‘zbekiston-Ozarbayjon qo‘shma komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki mamlakat o‘rtasida avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarining bugungi holati, tomonlar milliy tashuvchilari duch kelayotgan muammolar va ularni hal etish, har ikki tomon tashuvchilari uchun teng imkoniyatlar yaratish bilan bog‘liq masalalar hamda xorjiy ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash kvotasi ko‘rib chiqildi.
“Yig‘ilishda 2023-yil uchun qo‘shimcha ikki tomonlama ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash hamda 2024-yilda ayirboshlanadigan ruxsatnoma blankalarining kvotasi belgilandi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, 2024-yildan e’tiboran davlatlar o‘rtasidagi ruxsatnoma blankalari turlari tranzit, ikki tomonlama va uch tomonlamaga ajratildi.
Xabarda Transport vazirligi milliy tashuvchilardan joriy yilning yanvar oyidan boshlab olingan xorijiy ruxsatnoma blankalarini maqsadli ishlatib, qaytarishlarini so‘ragan.
Ma’lumot uchun, "E-avto ruxsatnoma" AAT orqali milliy tashuvchilarning xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnomalarga bo‘lgan bir yillik ehtiyoji haqidagi ma’lumotlarni shakllantiradi. Xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan birgalikda ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash kvotasini aniqlaydi. Xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan ruxsatnomalarni ayirboshlashni tashkil etadi.