Oktabrda ob-havo qanday bo‘ladi

Oktabr oyida yomg‘irlar birinchi o‘n kunlikning oxirida hamda ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarning ayrim kunlarida bo‘lishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 27 sen — Sputnik. Bu yilning oktabr oyi ham sentabr kabi quruq va biroz iliq ob-havo bilan boshlanadi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet.
Oyning birinchi haftasida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kechasi va ertalab havo harorati +11..+16 daraja atrofida bo‘lgan salqinlik his etiladi. Kunduz kunlari quyosh nurlari havoni +23...+28 darajagacha, janubda ba’zi joylarda +30 darajagacha isitadi.
Keyinchalik oyning oxirigacha respublika hududi bo‘yicha harorat kechalari +10...+15 daraja +3...+8 darajagacha, kunduz kunlari +23...+28 darajadan +13...+18 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va Navoiy viloyatining shimolida oyning ikkinchi yarmida kechasi va ertalab havoda kuzgi sovuq va tuproqda 0...-3 darajagacha kuzatilishi mumkin. Bunday harorat oktabr oyining iqlimiy meyoriga yaqindir.
Oktabr oyida yomg‘irlar birinchi o‘n kunlikning oxirida hamda ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarning ayrim kunlarida kutilmoqda
Iqlimiy meyorlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik oktabr oyida 4 kundan 8 kungacha, respublikaning eng chekka janubida 1 kundan 3 kungacha kuzatiladi. Yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida bo‘ladi, ammo havoda keskin sovuq kuzatilganda yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanishi istisno qilinmaydi.