TOShKENT, 27 sen — Sputnik. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) o‘smirlar o‘rtasida tamaki iste’molini cheklashga doir tavsiyalarini e’lon qildi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
JSST keyingi yillarda yoshlar o‘rtasida tamaki mahsulotlari iste’moli, xususan, elektron segareta chekish ommalashib borayotganidan xavotirda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ularning har 10 nafardan 9 nafari 18 yoshga to‘lmay turib, hatto ba’zilari 11 yoshdan chekishni boshlaydi. Voyaga yetmaganlar o‘rtasida bu illat ko‘p hollarda maktab muhitida avj olayotgani achinarli.
“Yana bir tashvishlanarli holat, tamaki tutuni passiv chekuvchilar, ya’ni yon-atrofdagi o‘smirlar va bolalar hayotini ham zaharlamoqda. Xuddi shu omil yiliga 1,3 millionga yaqin kishining o‘limiga sabab bo‘lyapti.Xususan, dunyodagi bolalarning yarmi tamaki tutuni bilan ifloslangan havodan nafas olyapti”, — deyiladi xabarda.
Vaholanki, kashandalik oldini olish mumkin bo‘lgan o‘lim holatlarining birinchi sababi. Mutaxassislar XXI asrning birinchi yarmida chekish tufayli yana 450 million odam o‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Buning eng keng tarqalgan sabablari saraton, yurak xuruji, insult va surunkali obstruktiv o‘pka kasalliklaridir.
Qolaversa, sigaretning atrof-muhitga ham ziyoni katta. Ularni ishlab chiqarish va iste’mol qilish yiliga 84 million tonna karbonat angidrid (CO2) hosil bo‘lishiga olib keladi.
Shundan kelib chiqib, JSST avvalroq hukumatlarni bunday mahsulotlar realizatsiyasi va reklamasini tartibga solishga chaqirgandi. Kecha tashkilot tomonidan e’lon qilingan yangi bayonotda maktablarda tamaki iste’molini to‘liq taqiqlash va “nikotindan xoli muhit” yaratish yuzasidan tavsiyalar berildi.