Bog‘cha tashkil qilish uchun ajratilgan kreditlarning imtiyozli muddati uzaytirildi

“Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 27 sen — Sputnik. Davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha tashkil qilish uchun ajratilgan kreditlarning imtiyozli muddati uzaytirildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
“Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–316-son, 27.09.2023 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, tadbirkorlarga, ularning xohishiga ko‘ra, 2018–2022 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun tuzilgan bitimlarga muvofiq ajratilgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha imtiyozli davr muddatini 2024-yil 1-oktabrgacha uzaytirishga ruxsat etildi.
Bunda:
imtiyozli davr davomida tadbirkorlar tomonidan kredit bo‘yicha faqat foiz to‘lovlari amalga oshiriladi;
imtiyozli davrda to‘lanishi lozim bo‘lgan asosiy qarz bo‘yicha to‘lovlar kredit davrining qolgan qismiga teng miqdorda taqsimlanadi.
Davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar loyiha tashabbuskorlariga quyidagi tabaqalashtirilgan foiz stavkalarida va shartlarda ajratiladi:
Toshkent shahrida – 10-yil muddatga, shu jumladan 2-yillik imtiyozli davr bilan yillik 12 foiz stavka bo‘yicha;
Nukus shahri, viloyatlar markazlari va viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlarda – 10-yil muddatga, shu jumladan 2-yillik imtiyozli davr bilan yillik 8 foiz stavka bo‘yicha;
tumanlarda – 10-yil muddatga, shu jumladan 2-yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavka bo‘yicha.