TOShKENT, 26 sen — Sputnik. Respublika OITSga qarshi kurashish markazi Rossiyaning Rospotrebnadzor “Vektor” Virus va viruslar bo‘yicha davlat ilmiy-tadqiqot markazi federal budjet muassasasi bilan hamkorlikda tadqiqotlar olib bormoqda. Bu haqda Sanepidqo‘mita axborot xizmati xabar berdi.
Tadqiqotlar OIV infeksiyasining retrovirusga qarshi dori vositalariga chidamliligi bo‘yicha olib borilmoqda.
Ta’kidlanishicha, ushbu loyihaning asosiy maqsadi davolanish samaradorligini oshirish va samarasiz dori vositalaridan foydalanishni bartaraf etish hisoblanadi.
“OIVning RQT (retrovirusga qarshi terapiya) ga chidamliligi qanchalik yuqori bo‘lsa, RQT samaradorligi shunchalik past bo‘ladi va dori vositasining dozasini oshirishni talab qiladi. Bu esa o‘z navbatida bemorlarda nojo‘ya ta’sirlar sonini oshishiga, umr ko‘rish davomiyligini qisqarishiga sabab bo‘ladi”, - deyiladi xabarda.
Xabarga ko‘ra, mazkur tadqiqot ushbu masalalarni hal etishga yordam beradi.