O‘zbekistondagi Jaloliddin Rumiy asarlari YuNESKO ro‘yxatiga kiritildi

Jaloliddin Rumiyning asarlari O‘zbekistonda saqlanishda davom etadi. Faqat endilikda bu YuNESKO tashkiloti homiyligida amalga oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 26 sen — Sputnik. O‘zbekistondagi Jaloliddin Rumiy asarlari kulliyoti YuNESKOning Jahon xotirasi xalqaro ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Sharqshunoslik instituti Tarixiy hujjatlarni tadqiq qilish bo‘limi boshlig‘i Sanjar G‘ulomov Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Jaloliddin Rumiy asarlari kulliyoti
Jaloliddin Rumiy asarlari kulliyoti Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti xazinasida saqlanmoqda.
Sanjar G‘ulomovning so‘zlariga ko‘ra, jahon adabiyotining buyuk siymolaridan biri ulug‘ mutafakkir Mavlono Jaloliddin Rumiy (1207-1273) asarlari kulliyotining YuNESKOning Jahon xotirasi xalqaro ro‘yxatiga kiritilishi dunyo miqyosida katta bir voqea bo‘ldi.
Jaloliddin Rumiy asarlari kulliyoti

“Mavlono asarlari nafaqat yuksak badiiyligi, balki ularga singdirilgan kuchli hayot falsafasi bilan ommani o‘ziga rom etib kelgan. Uning “Fihi mo fihiy” ("Ichingdagi ichingdadir"), “Mavoizi majolisi sab’a” ("Yetti majlis mav’izalari") va “Maktublar”i mana yaratilganiga yetti asrdan ortiq vaqt o‘tganiga qaramay, ularga bo‘lgan qiziqish ortsa ortdiki, lekin aslo susaymadi”, dedi u.

Mutaxassisning aytishicha, Jaloliddin Rumiyning asarlari Sharqshunoslik instituti xazinasida saqlanishda davom etadi. Faqat endilikda bu YuNESKO tashkiloti homiyligida amalga oshiriladi.
Jaloliddin Rumiy asarlari kulliyoti
2017 yilda YuNESKO ishlari bo‘yicha Turkiya Milliy komissiyasi bir tashabbus bilan chiqib, qaysi davlatlar fondlarida Rumiy asarlari mavjud bo‘lsa, shu davlatlar hamkorlikda mazkur allomaning asarlarini YuNESKOga taqdim etish g‘oyasini ilgari surgan.
Jaloliddin Rumiy asarlari kulliyoti

“Bu masalada juda ko‘p xalqaro yig‘ilishlar o‘tkazdik. Hatto menda avval boshda "Ha, bizning xazina 2000-yildayoq Jahon xotirasi xalqaro ro‘yxatiga to‘laligicha kiritilgan bo‘lsa, institutimiz yana alohida bir necha nusxani taqdim etishi shartmas-ku", degan savol ham bor edi. Lekin bu yerda boshqa masala bor. Birinchidan, qo‘lozmasi boru, ammo ma’lum sabab bilan YuNESKO ro‘yxatiga kirmagan fondlar ham bor. Bunaqa fondlar, albatta, YuNESKO ro‘yxatiga kirishdan juda manfaatdor”, deya qo‘shimcha qildi G‘ulomov.

Uning qayd etishicha, ikkinchi masala juda jiddiy. Bu ham bo‘lsa, ilm-ma’rifat va madaniyat-ma’naviyat yo‘lida davlatlarning birlasha olishi va bir yoqadan bosh chiqarib, bir allomaning ijodiga e’tibor ko‘rsatilishi qabilida qabul qilinishi kerak.
Sanjar G‘ulomovning aytishicha, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti rahbariyatiga institut fondidagi Rumiy asarlari kulliyoti YuNESKOning Jahon xotirasi xalqaro reyestriga qayd etilganini tasdiqlovchi sertifikat ham berilgan.
Rumiy asarlari kulliyoti YuNESKOning Jahon xotirasi xalqaro reyestriga qayd etilganini tasdiqlovchi sertifikat

“Mavlono Rumiy asarlarini saqlash yoki ilmiy restavratsiya masalalalarida albatta YuNESKO birinchi yordamini ko‘rsatadi va bu shunisi bilan ahamiyatli”, - dedi G‘ulomov.

Ma’lumot uchun, Mavlono kulliyoti – 13-asrda yashagan buyuk so‘fiylardan biri hisoblangan shoir, faylasuf, olim va ilohiyotchi Mavlono Jaloliddin Rumiy asarlarining to‘liq to‘plami.