Narbayeva Qirg‘iziston Jogorku Keneshi torag‘asi bilan uchrashdi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlari do‘stlik guruhlari va qo‘mitalari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirishga kelishib olindi.
Sputnik
TOShKENT, 26 sen — Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva mamlakatda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Qirg‘iziston Jogorku Keneshi torag‘asi Nurlanbek Shakiyev bilan uchrashdi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.
Muloqotda qardosh xalqlar o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga asoslangan O‘zbekiston-Qirg‘iziston hamkorligining amaliy jihatlariga e’tibor qaratildi.
Muzokaralar chog‘ida parlamentlar hamkorligini yanada kuchaytirish bo‘yicha 2024-yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va imzolash, chegaraoldi viloyatlarning mahalliy Kengash deputatlari o‘rtasida hamkorlikni faollashtirish, parlament diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni hamda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari ham e’tibor markazida bo‘ldi.
Ta’kidlanishicha, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning yuqori dinamikasi kuzatilmoqda. O‘tgan 6-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 7 baravarga oshdi. 2023-yil yanvar-avgustida ushbu ko‘rsatkich - 700 mln dollar yetdi. Avtomobilsozlik, energetika, elektrotexnika va to‘qimachilik tarmoqlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
“Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo hajmini 2 mlrd dollarga yetkazish uchun yetarli salohiyat va barcha imkoniyatlar mavjudligi alohida qayd etildi”, - deyilgan xabarda.
Suhbat davomida ikki davlat transport-logistika imkoniyatlarini kengaytiradigan loyihalarni amalga oshirishda sa’yi-harakatlarni birlashtirish, Toshkent va Bishkek shaharlarida savdo uylarini ochish kabi amaliy jihatlar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida yaqin o‘zaro hamkorlikka va tajriba almashishga, turli darajadagi parlament delegatsiyalarining tashriflarini muntazam tashkil etishga, shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlari do‘stlik guruhlari va qo‘mitalari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirishga kelishib olindi.