TOShKENT, 26 sen — Sputnik. AQSh Davlat departamentining Kanada parlamentida “Galitsiya” SS diviziyasida (“Galichina” nomi bilan ham ma’lum) xizmat qilgan natsistning olqishlanishini qoralashdan bosh tortishi orsizlik va Ikkinchi jahon urushi yillarida halok bo‘lganlar xotirasini haqorat qiladi. Bu haqda Rossiyaning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov ma’lum qildi.
“Qo‘shma Shtatlarning eng yaqin ittifoqchilaridan birining oliy qonunchilik organida eseschining paydo bo‘lishiga Davlat departamenti matbuot kotibining bildirgan noaniq munosabati, ayniqsa go‘yoki ma’muriyatning inson huquqlari mavzusi va antisemitizmga qarshi kurashga bo‘lgan yuqori e’tiborini inobatga olsak, surbetona bo‘lib ko‘rinadi. Kanada parlamentidagi neonatsist xurujlarni qoralashdan bosh tortish – Ikkinchi jahon urushi yillarida halok bo‘lgan millionlab oddiy kishilar xotirasini bulg‘ash. Bu AQSh mustaqilligi uchun jonini fido qilgan amerikalik askarlar va zobitlar xotirasiga xoinlik qilishdir”, - deyiladi elchi bayonotida.
Antonovning so‘zlariga ko‘ra, AQSh siyosiy isteblishmenti gap Ukrainadagi natsizm haqida gap borganda, umuman “beparvolik”ni namoyish etadi: 2014-yilgi davlat to‘ntarilishiga qarshi bo‘lganlarning Odessadagi Kasaba ittifoqi uyida shafqatsiz jazolanganini ko‘rmadi; “ko‘ngillilar batalonlari” tomonidan eseschilar ramzlaridan ochiqchasiga foydalanish yuzasidan xavotir bildirmaydi; AQShning o‘zida Adolf Gitler bilan hamkorlik qilgan ukrainalik millatchi yetakchilar sharafiga haykallar o‘rnatilishiga qarshilik qilmaydi.
Rossiya elchisi rasmiy Vashingtonning g‘azabni keltiradigan voqealarni tanqid qilishni istamasligi Amerika hukumatining XX asrning fojiaviy merosiga munosabati qanday ekanini ko‘rsatishini ta’kidladi.
Antonov Ikkinchi jahon urushi tarixini qayta yozishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi va jigarrang o‘lat (fashizm) to‘xtatilishi shart ekanini ta’kidladi.
“Rossiya Qurolli kuchlari maxsus harbiy operatsiya doirasida Ukrainada aynan shu bilan shug‘ullamoqda”, - deya ta’kidlagan elchi.
Kanada parlamentidagi voqea
Avvalroq “Associated Press” agentligi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Kanada parlamentida so‘zlagan nutqi chog‘ida yig‘ilganlar Ikkinchi jahon urushi yillarida “Galitsiya” SS diviziyasi xizmat qilgan 98 yoshli ukrainalik millatchini olqishlagani aks etgan suratni chop qilgan edi.
Suratlardan biri shunday nomlangan edi: “Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Kanada bosh vaziri Jastin Trudo Ikkinchi jahon urushi yillarida 1-Ukraina diviziyasida xizmat qilgan, qilgan Kanadaga ko‘chib ketgan Yaroslav Xunkani olqishladi”.
AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Mettyu Miller bu voqeaga bog‘liq xabarlarni ko‘rmaganini ma’lum qildi. “Dushanba kuni men BMT Bosh Assambleyasida edim, kun bo‘yi band edim va siz nima haqida gapirayotganingizni bilmayman”, - dedi u savolga javob qaytarayotib.