TOShKENT, 25 sen — Sputnik. 1-oktabrdan Rossiya tabiiy gazini import qilish uchun O‘zbekistonda infratuzilma tayyorlab qo‘yilgan. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi vakili RIA Novostiga ma’lum qildi.
“Biz 1-oktabrdan Rossiya gazini qabul qilishga tayyormiz. Gaz quvurlarimiz yuqori bosimdagi gazni qabul qilish uchun moslashtirilgan”, - deya ma’lum qilgan Energetika vazirligi vakili mamlakatda Rossiya gazini import qilish uchun infratuzilma tayyormi degan savolga javob berayotib.
Eslatib o‘tamiz, 16-iyun kuni Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumida Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma va respublika gaz uzatish tizimini Rossiya gazini qabul qilishga tayyorlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolangan edi.
O‘zbekiston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, shartnoma doirasida joriy yilning 1-oktabridan kuniga 9 million kubometr tabiiy gazni import qilish boshlanishi mo‘ljallanmoqda. Yillik hajm esa qariyb 2 milliard 800 million kubometrni tashkil etadi.