O‘zbekistonda ko‘kyo‘tal bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror – Otabekov

Ko‘kyo‘tal mavsumiy xarakterga ega bo‘lib, kuz-qish davrida ko‘proq qayd etilishi mumkin. Aksariyat hollarda emlanmaganlar, to‘liq emlash kursini olmaganlar hamda ba’zi hollarda emlashdan keyin immunitet shakllanmagan bolalarda kuzatiladi.
Sputnik
TOShKENT, 25 sen — Sputnik. O‘zbekistonda ko‘kyo‘tal bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda ko‘kyo‘tal kasalligi avj olgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

“Hozir yurtimizda bu boradagi epidemiologik vaziyat barqaror va xavotirlanishga asos yo‘qligini, shuningdek, ushbu kasallik hech qanday asoratlarsiz davolanib ketishini ma’lum qilamiz”, - dedi Otabekov.

Ko‘kyo‘tal havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan o‘ta yuqumli xastalik bo‘lib, qo‘zg‘atuvchisi Bordetella pertussis bakteriyasi hisoblanadi. Unga chalingan bemorlarda o‘tkir respirator virusli infeksiyalar alomatlari, shuningdek, kuchli yo‘tal xurujlari va qusish kuzatiladi.
Bu kasallik asosan yosh bolalar va o‘smirlarda aniqlanadi, lekin katta yoshli odamlarda ham uchrashi mumkin.
O‘zbekistonda milliy emlash kalendariga asosan, chaqaloqlar 2, 3 va 4 oyligida 3 marotaba pentavalent vaksina bilan (ko‘kyo‘tal, difteriya, qoqshol, gepatit V va XIB infeksiyalarga qarshi) emlanadi. Bir yildan so‘ng, ya’ni 16 oylik davrida AKDS-4 bilan qayta revaksinatsiya qilinadi.
Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida mamlakat bo‘yicha jami 2 millionga yaqin bola ushbu xastalikka qarshi vaksina qabul qilgan. Xususan, yanvar-avgust oylari davomida penta-1 bilan emlanishi kerak bo‘lgan bolalarning 97,6 foizi, penta-2 bilan 98,5 foizi, penta-3 bilan esa 98,5 foizi emlangan.
Bundan tashqari, 16 oylik o‘g‘il-qizlarning 98,9 foizi revaksinatsiya bosqichida qayta emlangan.
Aytish joizki, ko‘kyo‘tal mavsumiy xarakterga ega bo‘lib, kuz-qish davrida ko‘proq qayd etilishi mumkin va aksariyat hollarda emlanmaganlar (tibbiy cheklov va rad etish), to‘liq emlash kursini olmaganlar hamda ba’zi hollarda emlashdan keyin immunitet shakllanmagan (seromanfiy) bolalarda kuzatiladi.
“Qisqa qilib aytganda, emlanmagan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida kasallik tarqalish xavfi saqlanib qoladi. Shu bois ko‘kyo‘tal kam miqdorda bo‘lsa-da, aholi o‘rtasida qayd etib turilishi tabiiy hol”, - dedi mutaxassis.
Chunki ushbu xastalikni faqat jamoaviy immunitet hosil qilish orqali yengish mumkin. Buning uchun Milliy emlash kalendariga muvofiq, yosh bolalar emlanishi zarur.
Bolalarni profilaktik emlashlar taqvimi