TOShKENT, 25 sen — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlari samolyotsozlik sohasida ham sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtiradi. Bu borada Ittifoq doirasida yo‘l xaritasi imzolandi, dedi Belarus bosh vaziri Roman Golovchenko Qozog‘istonda bo‘lib o‘tayotgan "Innoprom" xalqaro ko‘rgazmasining yalpi majlisida. RIA Novosti xabariga asosan.
"Bizda keng ko‘lamli sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish uchun texnologik va kadrlar salohiyati mavjud. Biz doimo o‘z oldimizga shu maqsadni qo‘yishimiz kerak. Sa’y-harakatlarni birlashtirish, harakatlarni muvofiqlashtirish va korxonalar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish kerak", - dedi Golovchenko.
Vazirning fikricha, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish YeOII texnologik suverenitetga erishish va yangi ish o‘rinlari yaratishning asosiy shartidir.
“Faqat korxonalar kooperatsiyasini rivojlantirish orqali YeOIIning texnologik suverenitetini ta’minlash bo‘yicha eng muhim vazifani hal qila olamiz. Bu — sanoatimizning xorijiy komponentlar, texnologiya va uskunalarga qaramligini kamaytiradi.
Ikkinchidan, bu nafaqat ishlab chiqarish quvvatlarini yuklash, ularni modernizatsiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlash, balki eng muhimi – ish o‘rinlarini yaratish, sanoat sektorida haqiqatan ham talab qilinadigan o‘z vakolatlarimizni shakllantirish imkonini beradi”, — dedi Golovchenko.
Golovchenko, shuningdek, yangi subsidiyalash mexanizmi qo‘shma sanoat kooperatsiyasi loyihalarini rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
“Qo‘shma sanoat kooperatsiyasi loyihalarining YeOII budjetidan subsidiyalash bo‘yicha, Yevroosiyo Oliy iqtisodiy kengashi tomonidan tasdiqlangan yangi mexanizmi, YeOIIda sanoat kooperatsiyasini osonlashtirishiga umid qilamiz”, — dedi Golovchenko..
Ushbu yig‘ilishda so‘zga chiqqan Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin ham YeOII iqtisodiyotini yanada raqobatbardosh va tashqi omillarga chidamli qilish uchun sanoat kooperatsiyasida faolroq ishtirok etishga chaqirdi.
“Texnologik suverenitetni mustahkamlash bugungi kunda Yevroosiyo makonida hamkorlikning muhim vektorlaridan biriga aylanib bormoqda. Ishlab chiqarish majmualarining tashqi omillar ta’sirida barqarorligini ta’minlash uchun resurslar va vakolatlarni birlashtirish kerak. Bu mamlakatlarimiz iqtisodiyotini, dunyoda notinchliklar kuchayib borayotgan vaziyatda, raqobatbardosh qiladi", - dedi Mishustin.
Vladimir Putin joriy yilning yanvar oyida YeOIIga a’zo davlatlar rahbarlariga murojaatida samolyotsozlik sanoatini rivojlantirishni ittifoqning ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb atagan edi.
Eslatib o‘tamiz, hozirda Rossiya va O‘zbekiston samolyotlar ishlab chiqarish sohasida import o‘rnini bosuvchi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqmoqda. Xususan, "Innoprom-2022" ko‘rgazmasida Ulyanovsk viloyati gubernatori Aleksey Russkix potensial hamkorlar bilan fuqarolik aviatsiya sanoatida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va Yevroosiyo texnologik platformasini shakllantirish masalalarini muhokama qildi.
Rossiya sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Oleg Bocharov o‘sha ko‘rgazmada so‘zlagan Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi sovet davrida yaratilgan va saqlanib qolgan sobiq "Chkalov" aviasozlik zavodi ikki davlat o‘rtasida samolyotsozlik sohasidagi hamkorlik uchun yaxshi asos bo‘lishi mumkin.