TOShKENT, 24 sen — Sputnik. Bugun, 24-sentabr kuni joriy yilda Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan birinchi bosqich kursantlarining “Vatanga qasamod” tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti Sputnik muxbiriga xabar berdi.
Bugun erta tongdan Qurolli Kuchlar akademiyasida mazkur oliy harbiy ta’lim muassasasi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasiga yangi qabul qilingan kursantlar Vatanga qasamod qabul qildi.
Tadbirda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi a’zolari, harbiy xizmatchilar, ota-onalar va kursantlar ishtirok etdi.
Shuningdek, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurtida kursantlar Vatanga qasamod keltirish uchun saf tortdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida ham “Vatanga qasamod” tantanalari yuqori saviyada o‘tkazildi.