Bolalik davri
O‘zbek xalqining XX asrda yetishib chiqqan ulug‘ siymolaridan biri Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon 1897-yilda Andijonning Qatorterak mahallasida savdogar oilasida dunyoga kelgan.
Otasi Sulaymonqul Mulla Muhammad Yunus o‘g‘li (1874-1929) dastlab dehqonchilik, so‘ngra bazzozlik bilan bilan shug‘ullangan. Taniqli jurnalist va yozuvchi Mo‘minjon Muhammadjonov “Turmush urinishlari” kitobida qayd etishicha, Cho‘lponning otasi Sulaymonqul o‘z davrining yetuk ziyolisi, ma’rifatparvar kishisi bo‘lgan. U “Rasvo” taxallusi bilan she’rlar ham yozgan, devon yaratgan.
Cho‘lpon avval eski maktabda, so‘ngra madrasalar va rus-tuzem maktabida tahsil olib, arab, fors va rus tillarini mukammal o‘zlashtiradi. Mutolaa yuli bilan esa turk, nemis va ingliz tillarini o‘rganadi. Sharq va G‘arb ijtimoiy qarashlaridan oziqlanadi. Firdavsiy, Sa’diy, Hofiz, Umar Hayyom, Alisher Navoiy kabi so‘z san’atkorlari ijodini qunt bilan o‘rganadi.
Cho‘lpon dunyoqarashi va ijodining shakllanishiga asr boshlaridagi demokratik inqiloblar hamda jadidchilik harakati katta ta’sir ko‘rsatgan.
Cho‘lpon - publitsist
Cho‘lponning ijodi 1913-1914 yillardan boshlangan bo‘lib, u avval “Qalandar”, “Mirzaqalandar”, “Andijonlik” va nihoyat “Cho‘lpon” (Tong yulduzi) taxallusi bilan ijod qildi. U ham shoir, ham nosir, ham dramaturg sifatida o‘z xalqi adabiyoti ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shadi. Cho‘lponning dastlabki asarlari “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg‘ona” kabi mahalliy gazetalarda, shuningdek, Orenburgda chiqadigan “Sho‘ro” jurnalida nashr etiladi. Cho‘lponning “Ishtirokiyun”, “Qizil bayroq”, “Turkiston”, “Buxoro axbori” kabi gazetalardagi faoliyati ham uning ijodiy shakllanishida maktab bo‘lib xizmat etadi.
Abdulhamid Cho‘lpon
© Foto : Respublikanskiy sentr duxovnosti i prosvesheniya
Cho‘lpon ocherknavis va publitsist sifatida ham barakali ijod qildi. Bu borada ayniqsa, uning “Adabiyot nadir” , “Muhtaram yozuvchilarimizga” kabi maqolalari adabiyotning maqsad va vazifalarini anglashda muhim rol uynaydi. U 1914-1917 yillarda yaratgan “Qurboni jaholat”, “Do‘xtir Muhammaddiyor” singari hikoyalari, “Vatanimiz Turkistonda temir yo‘llar” singari maqolalarida madaniyat va ma’rifat targ‘ibotchisi sifatida maydonga chiqdi. U Oktabr to‘ntarishidan keyingi 1920-1924 yillarda hayotda sodir bo‘layotgan xush va noxush o‘zgarishlarni qalamga oldi. “Yo‘lda bir kunduz”, “Yo‘lda bir kecha”, “Sharq poyezdi keldi”, “Sharq uyg‘ongan”, “Quturgan mustamlakachilar”, “Yo‘l esdaligi” singari o‘nlab ocherklari va publitsistik maqolalarida chorizm mustamlakachilari va mahalliy hokim sinf yetkazgan jabru jafolar yetmaganidek, fuqarolar urushi davrida ruy bergan fojealarni qoraladi.
Cho‘lpon - shoir
Cho‘lpon 1922-1926 yillarda o‘zining “Uyg‘onish”, (1922), “Buloqlar” (1923), “Tong sirlari”(1926), “Soz” (1935) kabi to‘rtta she’riy to‘plamini nashr ettirdi. 30-yillarga kelib, “Jo‘r” to‘plamini tayyorladi. Ammo ”Soz” i chop etiladi, “Jo‘r” to‘plami qatag‘onlik tuzog‘iga ilinib qolib ketadi. Shoirning to‘plamlari orasida “Buloqlar” (1923) alohida ajralib turadi. To‘plam besh bo‘limdan iborat bo‘lib, ular “Sharq uchun”, “Sezgilar”, “Sevgi”, “Qora yullar” va “Qor quynida” deb nomlanadi. Shoirning o‘zi qayd etishicha, mazkur she’riy guldasta “jahon” fotihlari changalida ezilib yotqon Sharq o‘lkalarga bag‘ishlangan. Jumladan, “Amalning o‘limi” she’rida shunday misralarni o‘qiymiz:
Ko‘nglimda yig‘lagan malaklar kimlar,
Sharqning onalari, juvonlarimi
Qarshimda ingragan bu jonlar kimlar,
Qullar o‘lkasining insonlarimi
Cho‘lpon 1925-yillarga kelib, “Muhit kuchli ekan, egdim bo‘ynimni” deya ijtimoiy qarashlarini o‘zgartirishga majbur bo‘lganligini e’tirof etadi. Ammo shunga qaramay, shoir yaratgan ikki yuzdan ortiq she’riy asarlar yurt baxti, kelajagi, mustaqilligi, ozodligi uchun kurashning yorqin solnomasi desa bo‘ladi:
...Birligimizning tebranmas tog‘i,
Umidimizning so‘nmas chirog‘i.
Birlash, ey xalqim, kelgandir chog‘i,
Bezansin endi Turkiston bog‘i.
Qo‘zg‘al, xalqim, yetar shuncha jabru jafolar!
Qorong‘u kechada ko‘kka ko‘z tikib...
Umidimizning so‘nmas chirog‘i.
Birlash, ey xalqim, kelgandir chog‘i,
Bezansin endi Turkiston bog‘i.
Qo‘zg‘al, xalqim, yetar shuncha jabru jafolar!
Qorong‘u kechada ko‘kka ko‘z tikib...
Cho‘lponning ushbu “Go‘zal” nomli she’rini XX asrda yaratilgan eng nafis ijod namunasi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. U xalq orasida keng tarqalib, qo‘shiqqa aylanib ketgan: Qorong‘u kechada ko‘kka ko‘z tikib,
Eng yorug‘ yulduzdan seni so‘raymen,
Ul yulduz uyalib, boshini bukib,
Aytadir men uni tushda ko‘ramen.
Tushimda ko‘ramen shunchalar go‘zal,
Bizdan-da go‘zaldir, oydan-da go‘zal!
Nasriy asarlari
Cho‘lpon yetuk lirik shoirgina emas, balki “Novvoy qiz”, “Oydin kechalarda”, “Qor qo‘ynida lola” kabi o‘nlab hikoyalar, “Kecha va kunduz” (1936) kabi ajoyib roman ham yaratgan iste’dodli adibdir.
Abdulhamid Cho‘lpon
© Foto : Respublikanskiy sentr duxovnosti i prosvesheniya
Dramaturgiyaga qo‘shgan xissasi
Cho‘lpon dramaturg sifatida ham salmoqli ijod qilgan. Uning “Xalil farang”, “Cho‘rining isoni” kabi kichik pyesalari, “O‘rtoq Qarshiboyev”, “Mushtumzo‘r” kabi dramalari hamda ko‘p vaqt sahnadan tushmagan“Yorqinoy” pyesalari mashhur bo‘lgan. Shuningdek, rus yozuvchisi V.Yan bilan hamkorlikda “Hujum” dramasini yaratgan.
Nodir asarlar tarjimasi
Cho‘lpon mohir tarjimon sifatida V. Shekspirning “Hamlet” fojeasini, A.S. Pushkinnig “Dubrovskiy” qissasini va “Boris Godunov” kabi pyesalarini, M. Gorkiyning “Ona” romanini va boshqa ko‘plab asarlarni o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girgan.
Cho‘lpon ham Fitrat va Abdulla Qodiriylar kabi qatag‘onlik davrining qurboni bo‘lgan. U 1937-yilning 14-iyulida qamoqqa olinib, 1938-yilning 4-oktabrida otib tashlangan.
1991 yil 25-sentabrida Cho‘lponga Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berilgan, 1999-yil "Mustaqillik" ordeni bilan taqdirlangan.
1997 yili adib tavalludining 100-yilligi kunlarida ko‘plab asarlari nashr etildi, u haqida ilmiy tadqiqotlar yaratildi.