TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatining Chust tumanida yuz bergan bolalar sog‘lig‘i bilan bog‘liq noxush holatdan qattiq tashvishda. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Mirziyoyev bolalar tez fursatda sog‘ayib ketishini tilagan.
“Davlat rahbari bu boradagi vaziyat to‘g‘risida axborotni muntazam olib bormoqda. Viloyat hokimi va mas’ullarga masalani alohida nazoratga olish, sabablarini aniqlash va tegishli takliflar kiritish bo‘yicha topshiriqlar berilgan”, - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatida 71 nafar bola zaharlangani haqida xabar qilingan edi. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining ma’lum qilishicha, hozir bolalarning ahvoli qoniqarli, ulardan 20 nafarining ahvoli yaxshilangani sababli uyiga ruxsat berilgan. Bosh prokuratura bu holat yuzasidan tekshiruv olib bormoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bolalar "Antistrumin" dori vositasidan zaharlangan. Shu bois hozir bu doridan foydalanish vaqtincha taqiqlangan.