Farg‘onaga Kampirobod suv omboridan ichimlik suvi tortiladi

Farg‘ona viloyati hokimining Xitoyga tashrifi davomida tegishli kelishuvga erishildi.
Sputnik
TOShKENT, 22 sen — Sputnik. Kampirobod suv omboridan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suvi tortib kelinadi. Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligida delegatsiya Xitoyga tashrifi davomida tegishli kelishuvga erishdi.
Viloyat hokimligi xabariga ko‘ra, Kampirobod suv omboridan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suvi tortish loyihalari borasida Xitoyning “Sinomash” xoldingi bilan dastlabki kelishuvlarga erishilgan.
Bundan tashqari, viloyatdagi ijtimoiy muassasalarni qurish yoki kapital rekonstruksiya qilish borasida ham kelishuvga erishilgan.
Kampirobod suv ombori O‘zbekistonning Andijon viloyati va Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod viloyatlari chegarasida joylashgan. O‘tgan yili O‘zbekiston va Qirg‘iziston Andijon (Kampirobod) suv omboriga oid bitim imzolagan edi. Ikkki davlat suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarishga kelishib olgan. O‘zbekiston suv omborining xavfsizligini ta’minlaydi, ekspluatatsiya qiladi, texnik xizmat ko‘rsatadi, Qirg‘iziston tomoni bilan kelishilgan limitlar doirasida suv chiqaradi.