TOShKENT, 21 sen – Sputnik. Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Nyu-Yorkda jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida G‘arb davlatlarining "don bitimi" masalasida Rossiyaga nisbatan munosabatini noto‘g‘ri deb atadi. Turkiya prezidenti fikriga ko‘ra, Rossiya oddiy davlat emas va uni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. RIA Novosti xabariga asosan.
“...Bu munosabatni to‘g‘ri deb o‘ylamayman, chunki Rossiya oddiy davlat emas. U hududi bo‘yicha ham mavqeyi bo‘yicha ham dunyoda o‘z o‘rniga ega. G‘alla yetishtirish bo‘yicha, amalda, Rossiya dunyo yetakchilaridan biridir. Bunday mamlakatni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi", - dedi Erdo‘g‘an.
Shuningdek, Turkiya yetakchisi Anqara Moskva tomonidan taklif etilgan gaz xabi loyihasini ustuvor deb hisoblashini va Rossiya bilan aloqalarini davom ettirishigi ham alohida ta’kidlab o‘tdi.
"Rossiya bilan munosabatlarimizni ijobiy tarzda davom ettiramiz. Chunki biz Frakiyaning gaz markaziga aylanishi masalasidan juda xavotirdamiz. Hozirda biz yetkazib berilayotgan tabiiy gazning deyarli yarmini Rossiyadan olmoqdamiz. Uni oshirish imkoniyati mavjud. Bu gaz xabi bizga shunday imkoniyat beradi”, - dedi Erdo‘g‘an jurnalistlarga.
Turkiya gaz xabi haqidagi xabarlar ilk bor o‘tgan yilning oktabr oyida paydo bo‘lgan edi. "Shimoliy oqim" va "Shimoliy oqim 2" gaz quvurlari portlatilganidan so‘ng Vladimir Putin Rossiya shimolda yo‘qolgan tranzit imkoniyatini Qora dengiz mintaqasiga ko‘chirilishi mumkinligini aytgan edi.
Erdo‘g‘an bilan sentabr oyi boshida Sochida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya prezidenti Turkiyada gaz xabi yaratish bo‘yicha muzokaralar tez orada yakunlanishini kutayotganini ta’kidladi.
Bugungi kunda Rossiya gazi Turkiyaga va Janubi-Sharqiy Yevropa mamlakatlariga “Moviy oqim” va “Turk oqimi” gaz quvurlari orqali yetkaziladi. Birinchisining loyiha quvvati 16 milliard kub metr, ikkinchisi 31,5 milliard kub metrni tashkil etadi.