TOShKENT, 21 sen – Sputnik. Tog‘li Qorabog‘da rossiyalik tinchlikparvar kuchlarining o‘limida gumonlanuvchilar qo‘lga olindi, deb xabar berdi Rossiya huquq-tartibot idoralaridan biridagi ishonchli manba. RIA Novosti xabariga asosan.
“Jinoyatda birinchi gumonlanuvchilar qo‘lga olindi”, - dedi u.
Shuningdek, rossiyalik harbiylarning o‘limida aybdor bo‘lgan Ozarbayjon Qurolli kuchlari korpusi qo‘mondoni o‘z vazifasidan chetlashtirildi, deya qo‘shimcha qildi manba.
Eslatib o‘tamiz, 20-sentabr kuni Tog‘li Qorabog‘dagi Janyatog‘ qishlog‘i yaqinida Rossiya tinchlikparvar kuchlari bo‘lgan mashina o‘qqa tutilgan va undagi harbiylar halok bo‘lgan edi. Voqea joyida tergovchilar ish olib bormoqda, Rossiya va Ozarbayjon bosh prokuraturalari aloqada.
Bugun Ilhom Aliyev Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilib, rossiyalik tinchlikparvarlarning o‘limi munosabati bilan uzr so‘radi. Shuningdek, u halok bo‘lganlarning oilalariga moddiy yordam ko‘rsatishni taklif qilgan. Aliyev voqea chuqur o‘rganilishi va barcha aybdorlar jazolanishini ma’lum qildi.
Rossiya tinchlikparvar kuchlari 2020-yil 10-noyabrdagi Ozarbayjon-Armaniston-Rossiya uch tomonlama kelishuviga muvofiq Qorabog‘da kontingent aloqa chizig‘i va Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirilgan edi. Ularing umumiy soni 1960 nafar harbiy xizmatchini tashkil qiladi.