TOShKENT, 21 sen — Sputnik. Polsha endi Ukrainaga hech qanday qurol-yarog‘ yetkazib bermayapti. Bu haqda Polsha bosh vaziri Mateush Moraveskiy “Polsat” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Polsha Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatishda davom etadimi degan savolga javob berayotib, Moraveskiy “Polsha allaqachon Ukrainaga hech qanday qurol-yarog‘ yetkazib bermayotganini” aytdi.
“Biz o‘zimiz zamonaviy qurol-aslaha bilan qurollanyapmiz”, - dedi Polsha hukumati rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Polsha “tinchlikni istasang – urushga hozirlan” tamoyiliga ko‘ra harakat qiladi.
“Biz bu qoidaga amal qilamiz va shu bois ko‘p buyurtma (qurol-yarog‘) berdik”, - deya qo‘shimcha qildi Moraveskiy.
Polsha hukumati mamlakat Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha AQSh va Buyuk Britaniyadan keyin uchinchi o‘rinda ekanini bir necha marta takrorlagandi. Iyul oxirida Varshava Ukraina Qurolli kuchlariga uch milliard yevro yordam ko‘rsatgani xabar qilingan edi.
So‘nggi kunlarda Polsha va Ukraina munosabatlari juda keskinlashdi. Bu Varshava Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga taqiq joriy etgandan so‘ng ro‘y berdi.