O‘zbekiston delegatsiyasi Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish uchun Xitoyga jo‘nab ketdi

Tadbirda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi.
Sputnik
TOShKENT, 21 sen — Sputnik. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Xanchjou-2022 XIX Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadigan O‘zbekiston delegatsiyasini tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Unda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi. Aripov Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik yo‘lida prezident tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilganini ta’kidlab, sportchilarga omad tiladi.

Qilichbozlik bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati sovrindori, kattalar o‘rtasida Osiyo chempioni Zaynab Dayibekova sportchilar nomidan so‘zga chiqib, murosasiz bellashuvlarda medallar qo‘lga kiritish uchun bor kuch va shijoatlarini ishga solishini bildirdi. Tadbir yakunida Abdulla Aripov Zaynab Dayibekovaga O‘zbekiston davlat bayrog‘ini topshirdi.

Shuning bilan, tantanali tadbir o‘z yakuniga yetdi. Delegatsiya a’zolari davlat tomonidan ajratilgan maxsus “Dream Liner” samolyotida charter reysi bilan Xanchjou tomon yo‘l oldi.
Xanchjou-2022 XIX Osiyo o‘yinlari bo‘yicha yangiliklarni Sputnik Telegram kanalida kuzatib boring
Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari 23-sentabr - 8-oktabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkaziladi.