TOShKENT, 20 sen — Sputnik. Respublika tez tibbiy yordam markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Surxondaryo va Sirdaryo viloyat filiallariga 100 ta A toifali “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalarini yetkazib berish boshlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Favqulodda holatlarda va kasallik xuruj qilgan vaqtda bemorga imkon qadar tez va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, uning hayoti va salomatligini saqlab qolishga xizmat qiladi. Shu sababli “103” xizmatida eskirgan avtoulovlarni bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirish choralari ko‘rilmoqda. Yil yakuniga qadar yana 500 dan ortiq ana shunday transport vositalarini hududlarga yetkazib berish ko‘zda tutilgan”, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov.
Ma’lumot o‘rnida, beshinchi avlod A toifali “Volkswagen Caddy” mutlaqo yangi MQB platformasida ishlaydi. Ular 1,6 MPI atmosferali motor bilan jihozlangan bo‘lib, 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi va 110 ot kuchiga ega. 100 kilometr masofaga avtomobil aralash siklda kam yonilg‘i sarflaydi.
Eslatib o‘tamiz, shu yil avgust oyida A toifali 50 ta “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalari Qashqadaryo va Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmalari tizimidagi “103” shaxobchalariga berilgandi.