Shavkat Mirziyoyev FIFA rahbari Janni Infantino bilan uchrashdi

FIFA rahbari O‘zbekistonda futbol infratuzilmasi va ta’lim bazasi yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.
Sputnik
TOShKENT, 20 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni Nyu-York shahrida Xalqaro Futbol federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda FIFAning yirik xalqaro tadbirlarini, jumladan ayollar va o‘smirlar o‘rtasidagi birinchiliklarni tashkil etish va o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, uchashuv chog‘ida, FIFA rahbari Shavkat Mirziyoyevga uning ismi yozilgan futbol to‘pini sovg‘a qildi.
Mirziyoyev Janni Infantinoni 2023-yilgi futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.
Infantino O‘zbekistonni 2024-yilda futzal bo‘yicha ilk bor jahon chempionatiga mezbonlik qilishi bilan tabrikladi va uning yuqori saviyada o‘tkazilishiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Shuningdek, FIFA rahbari O‘zbekistonda ommaviy va professional futbolni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy infratuzilma va ta’lim bazasini yaratish borasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadi.