O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasida yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi

Shavkat Mirziyoyev Tashkilot BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Sputnik
TOShKENT, 20 sen — Sputnik. O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi keng ko‘lamli sheriklikni chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha "yo‘l xaritasi" ishlab chiqiladi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Nyu-York shahrida o‘tayotgan BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumiy munozaralari doirasida Shavkat Mirziyoyev Tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Antoniu Guterrish prezidentining Bosh Assambleya 78-sessiyasidagi nutqini yuksak baholab, mamlakatida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashini, davlat rahbari dolzarb global va mintaqaviy muammolarga yechim topish borasida ilgari surgan tashabbus va takliflar muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Bosh kotib yangi "O‘zbekiston – 2030" islohotlar strategiyasiga kiritilgan maqsad va vaziflarning ko‘lamdorligini, ular Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan to‘liq hamohangligini alohida qayd etdi. BMT va uning barcha institutlari ushbu dasturiy hujjatni amalga oshirishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
"Muzokaralar yakunida O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi keng ko‘lamli sheriklikni chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqishga kelishib olindi", — deyiladi xabarda.
Keyingi yillarda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlik misli ko‘rilmagan yuksak darajaga chiqqani mamnuniyat bilan qayd etildi. Birgalikda qariyb 140 ta dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 6 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi, Orolbo‘yi mintaqasi ahosilini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus Trast fondi faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston BMTning bir qator nufuzli tuzilmalariga saylandi va ularning ishida faol ishtirok etmoqda. Birgalikda global kun tartibiga oid, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, turizmni rivojlantirish, kambag‘allikka va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazilmoqda.