Bolaligi
Abdurauf Fitrat 1886-yili Buxoroda ziyoli oilasida tug‘ilgan. Dastlabki ta’limni Buxoro, Istambul madrasalari va dorilfununlarida oldi. U arab, fors, turk tillarini mukammal bilganligi tufayli Sharqning buyuk allomalari ijodini yaxshi o‘zlashtirdi.
Adibning otasi savdo ishlari bilan shug‘ullangan bo‘lib, 1918-yilgacha Qashqarda turib qolgan. U asosan, onasi Mustafo bibi (Bibijon) tarbiyasida bo‘lib, u tufayli Bedil, Navoiy, Fuzuliy, Zebuniso, Uvaysiy kabi ulkan shoirlarning g‘azallaridan xabardor bo‘ldi.
Faoliyati
Fitrat 1909-yili Turkiyaga o‘qishga borib, 1913-yilgacha Istambul dorilfununida tahsil ko‘rdi. Turkiyada tashkil topgan “Buxoro ta’limi maorifi” uyushmasida faollik ko‘rsatdi. Uning ilk to‘plami 1911-yilda “Sayha” (“Chorlov”) nomi bilan chop etildi. “Sayyohi hindi”, “Munozara” kabi asarlari ham shu yillarda Turkiyada nashr etildi.
1909-1913 yillarda Turkiya dorilfununida o‘qiyotganida jadidchilik g‘oyalari bilan tanishib, shu g‘oyalar bilan sug‘orilgan asarlar yozdi. U Turkiyadagi tahsili davrida o‘ziga Fitrat (zukko, dono, bilimdon) deb taxallus oldi.
Abdurauf Fitrat
© Portal ziyouz.uz
Fitrat 1917-yili fevral inqilobidan keyin “Hurriyat” gazetasini tashkil etdi, unda xalqni istiqlol uchun kurashga da’vat etuvchi she’r va maqolalarini e’lon qildi. Uning “Hurriyat” gazetasida bosilgan “Yurt qayg‘usi” nomli she’r va sochmalarida Turkistonning hurligi uchun kurashga bel bog‘lagan lirik qaxramonning “Men sen uchun tug‘ildim, sen uchun yasharman, sening uchun o‘larman, ey turkning muqaddas o‘chog‘i!” degan da’vati baralla eshitiladi. Uning “Qon”, “Begijon”, “Temur sag‘anasi”, “O‘g‘izg‘on”, “Abo Muslim”, “Hind ixtilochilari”, “Chin sevish” kabi dramalarida milliy mustaqillik uchun kurash mavzuyi tabiiy ifodasini topdi.
1922 yili nashr etilgan “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamida Cho‘lpon, Elbek she’rlari bilan birga Fitratning she’riy asarlari ham ilk bor o‘zbek o‘quvchisiga havola etildi. U mazkur to‘plamga kirgan “Mirrix yulduziga”, “Behbudiyning sag‘anasini izlab”, “Sharq”, “Shoir” kabi she’rlarida millatparvar va vatanparvarlik pozitsiyasiga qat’iy turganini yana bir bor namoyish etadi.
...Bilasanmi, shoir ishqning eng nozli,
Erka, injiq yovdusidir, turolmas –
Ma’shuqidan ko‘rmagancha kulushli,
Marhamatli, chin sezguli bir ko‘mak,
Mana shudir uning uchun bor tilak.
Shoir
Tabiatdan sirli, teran ma’nolar,
Tiriklik-chun ochiq, to‘g‘ri, chin yo‘llar
Izlar, topar, o‘zi uchun saqlamas
Unlarni,
Yoz gulining yaprog‘idan to‘qulg‘on
So‘zlar bilan o‘rab bizga topshurar.
Shoir ijodi va dunyoqarashidagi ana shu hol keyin ham susaymay, u “Abulfayzxon”, “Arslon” va “Vose’ qo‘zg‘oloni”, “Shaytonning tangriga isoni” kabi dramalarini yaratdi. Uning “Qiyomat” kabi hikoyalarida diniy fanatizm ijtimoiy taraqqiyotga to‘siq bo‘lgan kuch sifatida fosh etiladi.
Fitrat yirik olim, adabiyotshunos sifatida ham bir qancha asarlar yaratdi. Jumladan, “Adabiyot qoidalari”, “Eski o‘zbek adabiyoti namunalari”, “Aruz haqida” kabi ilmiy kuzatuvlari o‘zbek adabiyotshunoslik fanining shakllanishida muhim rol o‘ynadi. Shuningdek, uning Umar Xayyom, Firdavsiy, Navoiy, Bedil haqidagi tadqiqotlari adabiyot tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat etdi.
U Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg‘oniy kabi o‘ndan ortiq mumtoz adabiyot vakillari haqida ham maqolalar yozdi.
Fitrat ayni paytda tashkilotchilik faoliyati bilan ham shug‘ullanib, 1921-1923 yillarda Buxoro Xalq Jumhuriyatida maorif xalq noziri bo‘lib xizmat qilgan. 1923-1924 yillarda esa frunzechilar tomonidan quvg‘in qilingan shoir Moskvadagi Sharq tillari institutida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullandi.
Fitrat 1921-yilda Sharq musiqa maktabini tashkil etgan. Maktabga mumtoz musiqa bilimdonlari bilan birga V. A. Uspenskiy singari musiqashunoslarni ham taklif etgan. Shuningdek, u "Shashmaqom" kuylarini to‘plash va notaga yozib olish ishlariga ham rahbarlik qildi. Uning tashabbusi bilan Buxoro Shashmaqomi Uspenskiy tomonidan ilk bor notaga olinib nashr etildi.
Fitratning o‘zbek tili grammatikasiga oid darsliklari 1925-1930 yillarda besh marta chop etilgan. Tilshunoslik va adabiyotshunoslik bo‘yicha olib borgan tadqiqotlari uchun Fitratga o‘zbek olimlari orasida birinchilardan bo‘lib professor unvoni berildi.
Fitrat 1938-yil 4-oktabrda Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon singari yozuvchilar bilan birga otib tashlandi.
1991 yil 25-sentabrda Fitrat o‘zbek adabiyotini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun Alisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.