TOShKENT, 19 sen — Sputnik. Shu yilda sog‘liqni saqlash muassasalariga 18 483 kVt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Qayd etilishicha, shu yilda jami 1 789 ta sog‘liqni saqlash muassasasiga 18 483 kVt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
“Yil boshidan buyon respublika hamda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 1727 ta tibbiyot obyektiga 19 581 kVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatildi”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, elektr ta’minoti o‘chib qolishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida sog‘liqni saqlash muassasalariga quyosh panellari o‘rnatilmoqda.
Shifoxona 10 daqiqa elektr ta’minotidan butunlay uzilib qolishi og‘ir oqibatlarga olib keladi.
"EKG, UTT, MRT, rentgen. Bugun shu kabi qurilmalarsiz kasalliklarga aniq va tezkor tashxis qo‘yish imkonsiz", — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Ma’lumot uchun, mamlakatda aholi tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 1 kilovatti uchun 1 ming so‘mdan to‘lanishi e’lon qilingan. Ular "Quyoshli xonadon" tizimiga ulanib, tegishli to‘lovlarni olishlari mumkin.