O‘zbekiston OAV xodimlari Rossiyadagi xalqaro media forumda qatnashmoqda

Mazkur forum 2014-yilda tashkil etilgan.
Sputnik
TOShKENT, 19 sen — Sputnik. Rossiyaning Astraxan shahrida bugun, 19-sentabr kuni "Kaspiy-2023" VIII Xalqaro media forumi boshlandi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
Sakkizinchi Kaspiy media forumi "Xalq diplomatiyasi va ijtimoiy media xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi omil sifatida" mavzusida tashkil etilgan.
Anjumanda O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari xodimlaridan iborat delegatsiya ishtirok etmoqda. Tadbirda, shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkmaniston va Eron vakillari ham qatnashmoqda.
Forumda media-ta’lim tizimini rivojlantirish muammolari va istiqbollari, "Shimol-Janub" xalqaro transport koridori", "Yangi voqeliklar – yangi imkoniyatlar" va boshqa mavzularda panel sessiyalar, turli xil qiziqarli va dolzarb yalpi muhokamalar, davra suhbatlari va taqdimotlar o‘tkazilishi kutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, ishtirokchilar ushbu tadbirlarda media sohasida mutaxassislarni tayyorlash, xalq diplomatiyasi, zamonaviy mediatrendlar, akademik va ilmiy hamkorlik, media xizmatlari va media loyihalarning ish tajribasi, media marketingni rivojlantirishga oid muammolar bo‘yicha fikr almashadilar.
Tadbir yakunida "Chegara bilmas Kaspiy dengizi" mavzusida o‘tkazilgan eng yaxshi jurnalistik asar uchun xalqaro tanlovining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur forum 2014-yilda tashkil etilgan.
Media anjuman joriy yil 20-sentabrga qadar davom etadi.